Talaba qiz SOS bolalar mahallasida ingliz tili klubini ochdi
Shahlo Hamroqulova “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetining logistika yo‘nalishi 3-kurs talabasi. U universitetda a’lo baholarga o‘qish bilan birga yangi g‘oyalar asosida saxovatli ishlarga qo‘l urmoqda. Masalan, yaqinda Shahloning tashabbusi bilan universitet va SOS bolalar mahallasi o‘zaro memorandum imzoladi. Unga ko‘ra, Shahlo SOS bolalar mahallasida “Kids English” klubini ochib, bolalarga ingliz tilini o‘rgatmoqda.
- Ingliz tilidan dars berishni 1-kursligimdan boshlaganman, - dedi Sh.Hamroqulova. – Dastlab Samarqand shahridagi “Go Great Goals” va “Bright Spark” o‘quv markazlarida dars berdim. Shu yil yozgi ta’tilda bolalarning bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazishlari uchun SOS bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilariga ingliz tilini o‘rgatishga ahd qildim. Bu yerda turli yoshdagi kam ta’minlangan oila farzandlari yashaydi. Ularga haftada 3 marta bepul ingliz tilini o‘rgatayapman. Mahallada kutubxona yo‘q ekan. Men bolajonlarga 100 ta har xil badiiy kitoblar sovg‘a qildim va kitobxonlik ko‘rik-tanlovi tashkil etdim. Sovg‘a qilingan kitoblarni bolalar o‘zaro almashib o‘qiydi. Kitobxonlik tanlovida uni yaxshi o‘qib, o‘zlashtirgan bolalarga sovg‘alar beryapman.
Shahlo vaqtdan unumli foydalanadi. U bugungi kunda ko‘zga ko‘ringan “S.W.A.T” jamoasining ham a’zosi. Bu jamoa bilan birgalikda robotatexnika va dasturlashga oid loyihalarni yaratib, hayotimizga tatbiq etmoqda. Ushbu jamoaning startap loyihasi viloyat hokimligi innovatsiya bo‘limi tomonida ma’qullanib, robototexnika uchun Samarqand shahridagi 71-maktabdan joy ajratildi. U ushbu maktab bolalari uchun ham ingliz tili to‘garagini ochishni rejalashtirmoqda.
Yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgan bir paytda mana shunday tashabbuskor o‘g‘il-qizlarning yanada ko‘payishini istardik.
Surayyo XOLMATOVA, o‘qituvchi.