Ta’limdagi islohotlar ko‘lami yanada kengayadi

Bugun nafaqat yurtdoshlarimizning, balki biz, xalq ta’limi sohasi xodimlarining shodligiga sabab bo‘lgan eng muhim voqea - Yurtboshimizning 2020 yilga “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom bergani bo‘ldi. Bu ilm-fan, ta’lim sohasiga aloqador barchamizning zimmamizdagi mas’uliyat yukini yana bir necha karra oshirdi.

Murojaatnomada aytilgan har bir fikr, aniq raqam va misollar, qayd etilgan muammoli masalalar diqqatimiz markazida bo‘ldi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari haqli ravishda ta’kidlaganidek, “Ta’limning barcha bo‘g‘inlarini isloh qilishni boshladik. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi... Ta’limda qilgan xatolarimizni to‘g‘rilash vaqti keldi”.

O‘tgan 2019 yilda xalq ta’limi sohasini rivojlantirish, o‘qituvchi nufuzini oshirish, o‘sib kelayotgan avlodni intellektual salohiyatli, zamonaviy bilimlarga ega qilib tarbiyalash, bilim berish, umumta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan bir qancha Prezident farmonlari va qarorlari qabul qilindi. Ularning barchasi bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilib, amaliy natijalarga erishilmoqda.

Endilikda bu boradagi amaliy ishlar ko‘lami yanada kengayib, sohada mehnat qilayotgan o‘qituvchilar uchun moddiy va ma’naviy g‘amxo‘rlikning, o‘quvchilarimizning ta’lim-tarbiyasi sifati va samaradorligi ortishida ulkan qadamlar tashlanadi. Prezidentimizning “Maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklama va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur”, deya ta’kidlagani fikrimizni tasdiqlaydi. Ilk bor 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimining joriy qilinishi, buning uchun 130 millard so‘m mablag‘ ajatilishi, shuningdek, 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazilishi sohada amalga oshiriladigan eng muhim islohotlardandir.

Bugungi kunda e’tibor markazimizda bo‘lgan umumta’lim maktabi o‘quvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi ko‘rsatkichlarining yildan-yilga oshirilishiga erishish borasida bir qator tashabbuslar ilgari surilgani quvonarli. "Maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazamiz. Bu borada shuni unutmaslik kerakki, oliy ta’lim qamrovini oshirish to‘lov-kontraktiga bog‘liq bo‘lib qolmasligi zarur", dedi Yurtboshimiz Murojaatnomada.

Darhaqiqat, viloyatimizdagi 44 ta tayanch maktablarida PISA Xalqaro tadqiqotlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shuningdek, 30 ga yaqin maktablarimizda sinov tariqasida variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejani joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘quvchilarimizning respublika va xalqaro fan olimpiadalaridagi ishtiroki, erishayotgan natijalari, o‘qituvchilarimizning malaka va tajribalari tanqidiy tahlil etilib, o‘tgan yillar davomida yo‘l qo‘yib kelingan kamchiliklar, o‘zibo‘larchilik holatlariga barham berish bo‘yicha aniq vazifalarni amalga oshiryapmiz. Ushbu amaliy chora-tadbirlar orqali Samarqand viloyati xalq ta’limi tizimini respublikamizdagi eng yetakchi o‘rinlarga ko‘tarish asosiy maqsadimizdir.

Saidahmad USMONOV,

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.