Tarixni Vatanga sadoqatli yoshlar yozadi
O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lining mutlaqo yangi bosqichini o‘tamoqda. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi va uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish strategiyasi shunchaki balandparvoz shior emas. Bular millatning uyg‘onishi, ijtimoiy-siyosiy hamda ma’naviy hayotning tubdan yangilanish jarayoni bo‘layotganidir.
Xo‘sh, mana shunday tarixiy burilish pallasida ommaviy axborot vositalari vakillari – jurnalistlarning o‘rni va mas’uliyati nimalardan iborat?
Keyingi yillarda OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatyapmizki, bugungi o‘zbek jurnalistikasi rasmiy tadbirlarni yorituvchi “ko‘zgu” vazifasidan chiqib, jamiyat hayotidagi o‘tkir muammolarni dadil ko‘tarib chiquvchi, mavjud kamchiliklarni ro‘y-rost tanqid qiluvchi kuchga aylandi.
Quvonarlisi, bugun jurnalist va blogerlar davlat organlari mas’ullari, mansabdor shaxslarning xalq oldidagi hisobdorligini ta’minlamoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish, byurokratiyani fosh etish va qonun ustuvorligini ta’minlashda jurnalistik chiqishlar eng ta’sirchan qurol sifatida xizmat qilmoqda.
Jurnalistika millat tarbiyachisi, yangi davr qahramonlarini kashf etuvchi va ularni jamiyatga o‘rnak qilib ko‘rsatuvchi mayoq. Bugungi kun jurnalistining vazifasi jamiyatda ilm-fan, ma’rifat va kitobxonlikni yuqori cho‘qqiga olib chiqish ekanligini ijodkorlarimiz juda yaxshi bilishadi.
Shunisi muhimki, bugungi dunyo nafaqat iqtisodiy yoki harbiy, balki kuchli axborot urushlari maydoniga aylandi. Bunday sharoitda o‘zbek jurnalistikasi oldiga ulkan, sharafli va mas’uliyatli vazifa qo‘yiladi: jurnalistlar axborot xurujlariga qarshi kurashuvchilarning oldingi safida turishi shart.
Mamlakatda tartibsizlik, jamiyatda sarosima va ishonchsizlik uyg‘otishga qaratilgan har qanday yolg‘on (feyk) xabarlarga qarshi professional va faktlarni tekshirish (fakt-cheking) madaniyatini shakllantirish bugungi kun jurnalistlarining asosiy burchi hisoblanadi. Shu bilan birga, Yangi O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi va turizm salohiyatini xalqaro hamjamiyatga xolis hamda jozibador tilda yetkazish ham aynan OAV zimmasidagi mas’uliyat.
Bugungi jurnalist zimmasidagi mas’uliyat oddiy kasbiy burchdan ancha yuksak – u xalq tafakkurini shakllantiruvchi, jamiyat vijdonini uyg‘otuvchi va millat kelajagini yo‘naltiruvchi kuch. Ushbu ulug‘vor maqsad yo‘lida Samarqand davlat chet tillar institutida 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab xalqaro jurnalistika yo‘nalishi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, mutaxassislar tayyorlashning mutlaqo yangi tizimiga asos solindi.
Bu yerda tahsil olayotgan 93 nafar talaba shunchaki xabar yozuvchi shaxs emas, balki diplomat, siyosatshunos, tilshunos va milliy g‘oya targ‘ibotchisi bo‘lishlari lozimligini juda yaxshi biladi. Shu bois o‘quv rejasiga kiritilgan fanlar ro‘yxati talabalarda fundamental bilim, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan. Institutning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, talabalarga xorijiy tillar intensiv tarzda o‘rgatilmoqda. Bu esa bitiruvchilarning jahon axborot maydoniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishini ta’minlaydi.
Mazkur tizimli yondashuv natijasida ushbu yo‘nalishni bitirgan yosh mutaxassislarning aksariyati nufuzli ommaviy axborot vositalari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari axborot xizmatlarida faoliyat yuritmoqda.
Institutda tashkil etilgan multimedia markazi talabalar uchun tajriba maydoniga aylandi. Markaz so‘nggi rusumdagi kompyuter texnologiyalari, professional foto va videokameralar, ovoz yozish, yoritish uskunalari hamda axborotni tahrirlashga mo‘ljallangan maxsus dasturiy ta’minot bilan jihozlangan. Ovoz yozish uchun maxsus akustik xonaning mavjudligi mahsulot sifatini oshirmoqda.
Talabalar ishtirokida ispan, italyan, nemis, fransuz, ingliz, rus, turk, arab, xitoy, koreys, yaponlarrda ham kontentlar – media mahsulotlar, audio kitoblar tayyorlanmoqda. Bo‘lajak jurnalistlar tomonidan asos solingan “Yangi Renessans” gazetasi, “Samarqand ziyosi” radiosi, “Muvaffaqiyat formulasi” dasturi hamda “Chegarasiz tahayyul” podkasti yoshlarning erkin fikrlashi, ijodiy mahoratini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Multimedia markazidan institutning masofaviy ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun maxsus videodarslar platformasini yaratishda ham foydalanilmoqda. Professor-o‘qituvchilarning videodarslari tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga muntazam joylashtirib borilmoqda.
Iqtidorli talabalardan tashkil topgan media studiya ijodkorlari tomonidan “Odob-axloq qoidalariga rioya qilish – barchamizning burchimiz”, “Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi birgalikda kurashamiz”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyalari ostida turkum videoroliklar va ijtimoiy kontentlar tayyorlanib, tarmoqlarda keng targ‘ib qilinmoqda.
O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi raisi Shuhrat jurnalist va jamoat arbobi – “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev, Oripov, viloyat teleradiokompaniyasi rahbari Mannob Ibodullayev, O‘zAning viloyatdagi muxbiri G‘olib Hasanov, “Ovozi Samarqand” gazetasi bosh muharriri Bahodir Rahmonov hamda Akram Haydarov, Abdug‘ofur Sherxolov, Gulruh Mo‘minova kabi soha vakillari ishtirokida o‘tkazib kelinayotgan seminar-treninglar, davra suhbatlari va master-klasslar ustoz-shogird an’anasini davom ettirish bilan birga talabalar uchun haqiqiy ijod maktabi vazifasini o‘tamoqda.
Uchinchi Renessansni bunyod etar ekanmiz, avvalo, ma’rifatli, vatanparvar va mas’uliyatli avlodni tarbiyalashimiz shart. Shunday salohiyatli avlodni voyaga yetkazishda ta’lim muassasalarining o‘rni beqiyos. Ertangi kun tarixini bugun yozayotganlar – qo‘lida qalam, qalbida Vatanga sadoqat, ongida buyuk maqsad mujassam bo‘lgan yoshlardir. Ular qanchalik bilimli, mustaqil fikrli va ma’naviy barkamol bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning poydevori shunchalik mustahkam bo‘ladi.
Bahodir XOLIQOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, professor.