Tarixning o‘qilmagan sahifalari: Xo‘ja Zudmurod kim bo‘lgan?

Samarqandning har qarich yeri tarixdan so‘zlaydi, undagi o‘nlab madrasayu masjidlar ajdodlarimizning o‘tmishi, ilm-ma’rifati, jangu jadallarga boy  tarixi bilan bog‘liq. Ana shunday noyob  inshootlardan biri Xo‘ja Zudmurod jome-masjididir.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Samarqand shahar “Xo‘ja Zudmurod”  masjidi hududini kengaytirish va uni yurtimizdagi eng ko‘rkam masjidlardan biriga aylantirishga e’tibor qaratdi va bu borada amalga oshiriladigan ishlarni belgilab berdi.

“Xo‘ja Zudmurod”  masjidi Samarqand shahridagi eng qadimiy  inshootlardan biri bo‘lib, manbalarda qayd qilinishicha, uning  paydo bo‘lishi IX-X asrlarga, saljuqiylar imperiyasi sultoni Ahmad Sanjar davriga  borib taqaladi. Masjidni qayta tiklash jarayonida uning poydevor qismidan aynan o‘sha davrga tegishli g‘ishtlar topilgan bo‘lib, hozirgi davrda xalq orasida shu o‘lcham va ko‘rinishda bo‘lgan g‘ishtlar “sanjari” deb ataladi. Aytishlaricha, 71 yosh umr ko‘rgan sultonning farzandi bo‘lmagan va u o‘z nomini tarixda qoldirish uchun shu turdagi g‘ishtlarni o‘ylab topgan va shahar qurilishlarida ishlatgan ekan. Manbalarning guvohlik berishicha, Amir Temur Hazrati Jirjis alayhissalomning jasadlarini  Yaqin Sharqdagi qadimda Mosul deb atalgan shahardan  keltirib, masjid yoniga dafn  ettirgan ekan. Sobiq ittifoq tuzumi davrida Hazrati Jirjis dafn etilgan joy buzib tashlangan.

Rui Gonsales De Klavixoning “Samarqandga – Amir Temur  saroyiga sayohat kundaligi” (1403-1406 yillar)da Konstantinopolda “Avliyo Georgiy” cherkovida bo‘lganligi, uning ko‘rinishi, bezaklari to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan.

Abu Tohirxojaning hijriy 1260-1265 (1844-1848) yillar oralarida yozilgan, Samarqandning tabiiy ko‘rinishi, tarixiy ahvoli bo‘yicha  ma’lumot beruvchi “Samariya” asarida bu tarixiy  mavze haqida quyidagicha yozilgan: “Hazrat Xoja Zudmurod mazori. Shahar ichida. Amir Temur ko‘ragon jome’idan (Bibixonim) Poyqaboq darvozasiga boradigan katta yo‘lning janubidadir. Ushbu mazor el aro  hazrat Jirjis payg‘ambar mazori nomi bilan mashhurdir. Hazrat Jirjis payg‘ambar qabri Mo‘sul viloyatindandir.

Muallif asarda bu maskanga keluvchilarning tilaklari tezlik bilan borliqqa chiqqanidan “zudmurod”, deb atalganganligi, 1249 yil hijriyda (1833) usto Muhammad Sharif degrez shu mazorning tevaragida yuksak va bezaklik bir ayvon solib, sutunlardan birinchisini cho‘yandan filpoya qilib quyib o‘rnatganligi haqida ham ma’lumot beradi.

“O‘zbekiston  milliy ensiklopediyasi”da   berilishicha, Zudmurod masjidi — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (19 a.). Xo‘ja Zudmurod qabristonida, uch tomoni ayvonli xonaqoh va minoradan iborat. Uchala tomonning har birida ikkitadan eshik bor. Ana shu 6 eshikdan ayvonlar orqali xonaqohga kiriladi. Xonaqoh 4 (yog‘och) ustunli. G‘arbiy devor o‘rtasida mehrob bor. Ayvonning sharq va janub qismida ustunlar bir qatorli, shimolda  ikki qatorli qilib joylashgan. Ularning turli davrlarda qurilganligi bezagida ham ko‘zga tashlanadi. Shimoliy ayvonda Xo‘ja Komilboy mablag‘iga qurilgani (1896) haqida ma’lumot saqlangan. Zudmurod masjidi qurilishida ustalardan najjor (Muxtor va Abdurauf), naqqosh (Mahmud, Naim, Sharif), gilkor (Sa’dulla va Kamol) lar qatnashgan.

Sharq xalqlarida hazrati Jirjis nomi bilan mashhur bo‘lgan  bu zot boshqa xalqlarda avliyo Georgiy nomi bilan  shuhrat topgan. Bu xristian arablardan musulmon arablarga Jirjis nomi bilan o‘tgan. Georgiy haqidagi rivoyatlar arab tiliga VIII asr boshlarida o‘girilgan. “Musulmonlarning iltijolari haqida mo‘’jiza” kitobida yozilishicha, xristian ruhoniy musulmonga Georgiy haqidagi rivoyatni o‘z tilida o‘qishga beradi.

Georgiy haqidagi rivoyatlar at-Tabariyning  payg‘ambarlar va shohlar tarixiga bag‘ishlangan kitobiga ham kiritilgan.

“Islom ensiklopediyasi”da keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra,  Jirjis Isoning shogirdlaridan biri bo‘lgan. Mosulning butparast shohi Jirjisni qiynoqlarga soladi va o‘ldirtiradi. Ammo Alloh uni har safar tiriltiradi. Alloh uning uchun insonlar va hayvonlarni tiriltirish bilan bog‘liq ko‘plab mo‘’jizalar ko‘rsatadi. Alloh kambag‘al bechora kampirning o‘lgan ho‘kizini tiriltiradi, o‘liklarni qabrdan turg‘izadi, yog‘och kursilarni daraxtga aylantiradi. Jirjis haqidagi rivoyatlar xristianlikdagi avliyo Georgiy haqidagi rivoyatlar bilan uyg‘unlik kasb etadi.

Falastinda Georgiy bilan bog‘liq ibodat qilinadigan 22 ta joy mavjud bo‘lib, ulardan 9 tasi musulmonlar masjidlaridir. Bundan tashqari, Nablusdagi xususiy hammom ham xalq e’tiboriga tushgan bo‘lib, rivoyat qilishlaricha, avliyo har juma kuni u yerga qatnagan va shu tufayli  o‘sha kuni suv shifobaxshlik kasb etib, davolovchi xususiyatga ega bo‘lgan. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida avliyo Georgiy nomi bilan bog‘liq masjidlar, cherkovlar, monastirlar bo‘lib, ularda ibodatlar amalga oshiriladi, qurbonliklar qilinadi.

Yaqin Sharqdagi rivoyatga ko‘ra, Georgiyni  Al-Xadr deyishadi,  unga qurg‘oqchilikda yomg‘ir so‘rab, sog‘liq, ishlariga omad so‘rab, nazr-niyoz qilishadi. Al-Xadr kasalliklar, asosan, asab va ruhiy xastaliklarni davolovchi hisoblanadi. Ammo musulmon xalqlarning ko‘pchiligi  Al-Xadrni  Iso, Ilyos, Idris payg‘ambarlarga tenglashtirib, ular kabi o‘lmaydiganlardan biri deb ishonadi.

Rivoyatlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, bu shahidning nomlanishida turlicha  antroponimik variantlar mavjudligi ma’lum bo‘ladi.   Masalan, inglizlar uni Saint George deb ulug‘lashsa, ruslar Yegoriy botir deb  sharaflaydilar. Islom manbalarida esa  u Jirjis yoki Girgis, Al-Xadr, El Xudi tarzida tilga olinadi. Moskvada 2000 yilda nashr qilingan  “Provoslav ensiklopediyasi”da avliyo Georgiyning hayoti to‘g‘risida o‘rta asrlarda Yevropa va Osiyo ilohiyotchilari tomonidan berilgan ma’lumotlar keltirilgan. Bu qo‘lyozmalar V-VI asrlarga  tegishlidir. Shuni ham qayd etish lozimki, Georgiyning ajdaho ustidan g‘alaba qozonishi  turlicha talqin qilinishi  olimlarning III  va IV asrlarda Kappadoki  va  Lidda shahrida yashagan ikki avliyoning aslida bir kishi bo‘lishi mumkinligi  yoki majusiylar qo‘lida bir ismli ikki kishining qurbon bo‘lganiga oid shubhaga kelishiga asos bo‘ldi.

Rivoyatlarning Vizantiyada yaratilgan variantiga ko‘ra,  avliyo  Georgiy III asrning ikkinchi yarmida Kappadokida tug‘ilgan. Uning otasi  fors jangchisi Gerontiy,  onasi xristian diniga mansub Polixroniya edi. U bolasini taqvodor qilib o‘stiradi. Georgiy yoshligidan otasi izidan borib, jangchi bo‘lib yetishadi. Shoh Diokletian (Dadian) tomonidan xristianlar quvg‘in qilingach, u Nikomidiyaga jo‘naydi va u yerda o‘zini  xristian deb e’lon qiladi.  Georgiyning shoh yoniga borib, undan o‘z e’tiqodidagilarni tinch qo‘yishini so‘rashi uning zindonda bir necha yil azoblanishi va uch marta o‘limga hukm qilinishiga sabab bo‘ldi. Ammo u har safar mo‘’jiza bilan o‘limdan qutulib qoladi. Georgiy 303 yoki 304 yilda shoh buyrug‘i bilan qatl etiladi.

Ruslarda  bu avliyoni avvalo, dovyurak jangchi sifatida ulug‘lashadi. Uning nayza bilan ulkan ilonni o‘ldirayotgani rus bayrog‘ida ham tasvirlangan. Uning o‘lgan ho‘kizni tiriltirgani haqidagi rivoyat sabab  molboqarlar homiysi deb biladilar.

Uning o‘z e’tiqodi uchun kurashi aks etgan lavhalar o‘rta asr  arab adabiyotida ham uchraydi. Shunisi xarakterliki, muallifning diniy e’tiqodi qanday ekanligiga ko‘ra, u yo xristian yoki musulmon sifatida tasvirlanadi. Har qanday holatda ham u  o‘z e’tiqodi uchun majusiy shohdan jabrlanganligi ko‘rsatiladi. Jirjisning hayoti va faoliyatiga bog‘liq  rivoyatlar 839-923 yillarda yashagan olim va ilohiyotchi Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabarining payg‘ambarlar va shohlar tarixiga oid asarida mavjud. Bu tarixiy asarning to‘liq varianti saqlanib qolmagan bo‘lsa-da, saqlanib qolgan parchalar tadqiqotchilar tomonidan  tarjima qilingan va o‘rganilgan. Bu tarjimalar mohiyatan avliyo Georgiy haqidagi rivoyatlarga juda o‘xshash. Musulmonlar tomonidan yaratilgan rivoyatlarda  uning xristianlar talqin qilganidek, jangchi emas, balki savdogar bo‘lganligi qayd etiladi. “Jirjis, aytganlaridek, uning kelib chiqishi Falastindan bo‘lgan  taqvodorlardan  edi va Iso payg‘ambarning  so‘nggi shogirdlari yonida yashagan. U savdogar edi, u savdodan nafaqat yordamga muhtoj bo‘lmadi, balki o‘z daromadidan kambag‘allarga ham ulashdi”, deb yozadi Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabari.

Boshqa musulmon mualliflar esa Al-Xadrning Muhammad payg‘ambar davrida yashaganini  ko‘rsatadilar. Ularning yozishicha, avliyo Mosul hukmdori huzuriga borib, uni islomga da’vat etadi. Ammo uning taklifini qabul qilmay, uni uch marta qatl etadilar. Allohning qudrati bilan qayta tirilavergach, to‘rtinchi marta ham o‘ldiradilar. Bu uning oxirgi o‘limi bo‘ladi. 

Samarqand shahrining eski shahar qismidagi “Xo‘ja Zudmurod” masjidi hududida qo‘nim topgan bu zotning hayoti va faoliyatiga doir izlanishlar olib borish tariximizning ma’lum davrlariga oydinliklar kiritishi shubhasiz.

                                        Tolib Jo‘rayev,

filologiya fanlari nomzodi.