“Tashabbusli byudjet”: Samarqandda ikkinchi mavsumda 113 ta taklif g‘olib bo‘ldi, bu tashabbuslarni amalga oshirish uchun loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda
Joylarda mavjud infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal etish va bunda jamoatchilikning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida joriy qilingan “Tashabbusli byudjet” tizimi bugun o‘zini oqladi, deb aytishga asoslar yetarli.
2021 yildan buyon yiliga ikki marta bevosita fuqarolarning tashabbusi asosida ma’lum bir hudud yoki tizimdagi muammolarga yechim topish maqsadida loyihalar ishlab chiqilib, ovozga qo‘yilmoqda. G‘olib loyihalar davlat va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Shu paytgacha bu kabi tadbirlar hokimliklar va mahalliy kengashlar takliflari asosida tegishli dasturlarga kiritilib, amalga oshirilardi. Bu jarayonda ba’zida haqiqatda og‘ir masalalar qolib, ayrim kishilarning aralashuvi yoki manfaati ortidan boshqa loyihalar dasturga kirib qolardi. Endi esa aholining o‘zi hudud rivoji, odamlar turmush darajasi uchun muhim bo‘lgan masalalarni tashabbus asosida ilgari surib, uning amalga oshirilishi uchun harakat qilmoqda.
“Tashabbusli byudjet” loyihasining joriy yildagi ikkinchi bosqichida Samarqand viloyatida 558 ta taklif ovoz berishga qo‘yilib, ularning 113 tasi g‘olib deb topildi. Bu loyihalarning 61 tasi ichki yo‘llarni, 25 tasi umumta’lim maktablarini, 9 tasi sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash, jihozlash, 5 tasi mahallalar elektr energiyasi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslardir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu loyihalar uchun “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga 132,7 milliard so‘m ajratiladi.
Jumladan, viloyatning Toyloq tumanida “Tashabbusli byudjet”ning ikkinchi bosqichida 168 ta taklif ovozga qo‘yilib, beshta loyiha g‘olib bo‘ldi. Ularni amalga oshirish uchun 6 milliard 310 million so‘m yo‘naltiriladi. Bu loyihalarning 4 tasi mahalla ichki yo‘llarini ta’mirlash, bittasi qishloq aholisi ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan.
Do‘stlik mahallasidagi 4 kilometr ichki ko‘chalarga asfalt yotqizish uchun 1 milliard 320 million so‘m so‘ralgan loyiha ana shu g‘olib tashabbuslardan biri. Buning uchun mahalla aholisi 7300 dan ortiq ovoz to‘pladi.
– Bu mahallamizning “Tashabbusli byudjet”dagi birinchi ishtiroki emas, – deydi Do‘stlik mahallasi raisi Samad Mustafoqulov. – Shu yil birinchi bosqichda Tuyoqli qishlog‘imizdagi 1,2 kilometr yo‘lni asfalt qilish bo‘yicha tashabbus bilan chiqib, to‘rt mingga yaqin ovoz to‘plab, g‘olib bo‘lgandik. Iyul oyiga qadar bu loyiha amalga oshirilib, 650 million so‘m mablag‘ evaziga qabriston, maktab va bog‘chaga boradigan yo‘llarimiz asfalt bo‘ldi. Bundan ruhlanib, mahallamiz aholisi bilan kelishgan holda ikkinchi bosqichda 4 kilometr ichki ko‘chalarimizga asfalt yotqizish bo‘yicha tashabbusni ilgari surdik. Xalqimizning hamjihatligi, yoshlarimizning faolligi tufayli bu gal ancha ko‘p ovoz to‘pladik. Bu loyihamiz amalga oshganidan keyin kelgusida qishloq vrachlik punkti, maktab uchun qo‘shimcha bino qurish, ko‘chalarga tungi chiroqlar o‘rnatish uchun tashabbusli byudjetda qatnashmoqchimiz.
“Tashabbusli byudjet”ning birinchi bosqichida Toyloqda 191 ta taklif ovoz qo‘yilib, ularning 10 tasi g‘olib bo‘lgan edi. Birgina tuman tibbiyot birlashmasining uchta loyihasi eng ko‘p ovoz olib, ularni amalga oshirish uchun 2 milliard 170 million so‘m mablag‘ ajratildi.
– Birinchi bosqichda g‘olib bo‘lgan uchta loyihamiz bo‘yicha hozirda tibbiyot birlashmamiz hududida suvoqava tizimi yangilanmoqda, markaziy poliklinika va O‘rtaqishloq oilaviy shifokorlik punktida ta’mirlash ishlari bajarilmoqda, – deydi Toyloq tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Shavkat Jabborov. – “Tashabbusli byudjet”da o‘tgan yil ham qatnashib, 2 ta oilaviy shifokorlik punktimizni ta’mirlash bo‘yicha takliflarimiz bilan g‘olib bo‘lgandik. Bu muassasalarda qariyb 700 million so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ilgari bu ishlarni bajarish uchun dasturga kiritishni yillab kutardik. Endi esa o‘z muammolarimizni o‘zimiz tashabbus bilan ko‘tarib chiqib, hal qilish uchun harakat qilyapmiz. Bu albatta, adolatli, shaffof tizim samarasidir.
Ayni paytda ikkinchi bosqichda g‘olib bo‘lgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.