Test sinovlari qanday bo‘ladi? Eng muhim o‘zgarishlar

23 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi rahbariyati ishtirokida “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida“gi qaror loyihasi bo‘yicha sharh“ mavzusida matbuot anjumani tashkil qilindi.

Unda yangi o‘quv yili oldidan bo‘lib o‘tadigan test imtihonlarida bo‘lishi kutilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi. Eng asosiy o‘zgarishlar, eng ko‘p savollar tug‘dirayotgan o‘zgarishlar qanday bo‘ladi? Quyida matbuot anjumanida berilgan savollarga javob asosida ushbu o‘zgarishlarga to‘xtalamiz.

Hujjat topshirish pulli bo‘ladimi?

Ha. 2019 yilgi test imtihonlaridan boshlab o‘tgan yil, yoki undan oldingi yil test sinovlaridan o‘ta olmay bu yil yana hujjat topshirayotgan abituriyentlar uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida to‘lovni amalga oshirish taklif qilinmoqda. Ya’ni hozirgi vaqtda 202 ming 730 so‘m. Joriy yilda maktab, litsey yoki kollejni bitirganlar uchun bu summa to‘lanmaydi. Yangi bitirgan abituriyentlar uchun hujjat topshirish va test sinovlarida ishtirok etish bepul.

Nega to‘lov qilinyapti?

Abituriyentlarning hujjat topshirishidan pul yig‘ib olinishidan birlamchi maqsad bu o‘sha to‘lovdan tushgan pullarning test sinovlarini sifatli o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash. DTM rahbari Majid Karimovning ta’kidlashicha, bu pulga test bo‘lib o‘tadigan binolarning ijara to‘lovi, katta quvvatli konditsionerlar, shaxsni aniqlash va kuzatuv zamonaviy kameralari, ota-onalar kuzatuvi uchun monitorlar, abituriyentlarni ichimlik suvi va ruchka bilan ta’minlashga sarflanadi.

Mazkur masala bo‘yicha “Xalq so‘zi“ muxbiri savol bilan murojaat qildi: Abituriyentlar to‘lovining qancha qismi xorijdan keltiriladigan texnik qurilmalar sotib olishga sarflanadi? DTM rahbari bu savolga taxminan 80 foizi xuddi shunday zamonaviy uskunalar sotib olinishga sarflanishini ma’lum qildi. O‘z-o‘zidan bu ikkinchi savolni keltirib chiqardi. Xo‘sh 80 foiz pul zamonaviy texnika sotib olishga sarflansa, keyingi yil uchun yig‘ilgan pul nimaga sarflanadi? Bu qanday zamonaviy qurilma ekanki, bir yildan keyin yana yangisini sotib olishga zarurat bo‘lsa?

Karimovning so‘zlariga ko‘ra, yuqorida sotib olinadigan texnikalardan tashqari maxsus printerlar, test natijalarini aniqlashda ko‘maklashadigan boshqa uskunalar ham sotib olinadi va ular bir yilda bo‘ladigan test sinovidayoq o‘zining me’yorini bajarib bo‘lishi va yaroqsiz holatga kelishi mumkin. Ya’ni bu kabi qurilmalarni har yili yangisini sotib olishga to‘g‘ri keladi. Kuzatuv kameralari, konditsionerlar va boshqa shu kabi texnikalar ham har yilda almashtirishni talab qilinadimi, yo‘qmi bunga mas’ul xodimlar aniqlik kiritishmadi.

Darvoqe, joriy yilda test sinovlarida ishtirok etish istagida bo‘lgan abituriyentlar soni 1,2-1,3 mln nafarni tashkil qilishi prognoz qilinmoqda. Shundan 700 mingdan ortig‘i yangi bitiruvchilar, yangi abituriyentlar bo‘ladi. Bundan kelib chiqadiki, qolgan taxminan 500 mingdan ziyodroq abituriyentlar ikkinchi (yoki undan ko‘proq) marta test sinovlarida ishtirok etishi lozim. Bu degani potensial to‘lovni amalga oshiruvchilarni taxminan 500 ming nafar deb olsak, 101 mlrd 650 mln so‘m DTM hisobiga tushadi. Bundan tashqari I va II nogironlari va ijtimoiy kam ta’minlangan qatlam to‘lovlardan ozod qilinadi. Majid Karimovning so‘zlariga ko‘ra, taxminan 40 milliard so‘m yig‘ilishi kerak. Buni test markazi qanday hisoblagan hozircha noma’lum. DTM rahbari pullarning umumiy miqdori va qay yo‘sinda sarflanishi bo‘yicha shaffof ma’lumotlar taqdim etilishiga va’da berdi.

Nechta oliygohga hujjat topshirish mumkin bo‘ladi?

Uchta. DTM mutasaddilariga ko‘ra, oldingi yillar bilan solishtirganda bittadan uchtaga oshirish va katta o‘zgarish. Kelgusida zarurat bo‘lsa, bir cheklov soni oshirilishi mumkin.

Har bir oliygohga topshirgan abituriyent har biri uchun alohida bir EKIH miqdorida to‘lov to‘lashi kerak bo‘ladimi?

Yo‘q. Har bir “eski“ abituriyentlar bir marta 202 730so‘m miqdorida to‘lovni amalga oshiradi va shu to‘lov bo‘yicha, bir vaqtning o‘zida, parallel ravishda uchta oliygohga hujjat topshirishi mumki bo‘ladi. Yana bir muhim o‘zgarish endi har bir abituriyent o‘z hududidagi Davlat xizmatlari agentligi orqali hujjat topshiradi. Agentlik hujjatlar qabul qilib olishda qo‘shimcha to‘lov talab qiladi. Hozircha bu summa taxminan 10-20 ming so‘m atrofida bo‘lishi mumkinligi aytildi.

Testlarda 5 ta fandan imtihon topshiriladimi?

Bu masala loyiha ko‘rinishida turibdi va joriy yilda emas, keyingi o‘quv yili uchun o‘tkaziladigan test sinovlarida qo‘llaniladi. Ya’ni abituriyent 3 ta majburiy va 2 ta ixtiyorik fandan imtihon topshirishi mumkin bo‘ladi. Masalan ona tilidan qo‘shimcha imtihon (diktant, og‘zaki savol-javoblar) topshirib, kerakli ball to‘play olgan, abituriyent ona tili fanidan bo‘ladigan testlardan ozod qilinishi va maksimal ball olishi mumkin bo‘ladi. Yil oxiriga qadar bu borada aniq ma’lumotlar beriladi.

Texnik yoki matematikka ona tili yoki sohaga oid bo‘lmagan fanlar nega kerak? 

DTM mutasaddilariga ko‘ra, bunday talablar birinchi navbatda davlat granti asosida o‘qish istagida bo‘lganlar uchun. Ya’ni davlat ajratgan grantga ilinish istagida bo‘lgan har qanday abituriyent ona tilini va sohasiga bevosita aloqador bo‘lmasa-da, maktabda o‘tiladigan fanlardan xabardor bo‘lishi lozim. Mukammal grantga “tortadigan“ abituriyent uchun talab shunday. Texnik yoki matematik yoki boshqa sohada mutaxassis bo‘lish istagida bo‘lganlar to‘lov-kontrakt, yoki oddiy tilda aytganda “super kontrakt“ orqali o‘qishi mumkin. Grant asosida o‘qish istagida bo‘lganlar shunday bo‘lishi kerak.

Abituriyentning ballari endi uch yilgacha “kuymaydi“

Endilikda abituriyentga test sinovida to‘plagan ballari haqida sertifikat beriladi. Bu 3 yilga qadar amal qiladi. Kelgusi yillarda mazkur ball kirish uchun yetarli bo‘lgan taqdirda u talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda 3 yil ichida EKIHni qayta to‘lash ham shart bo‘lmaydi.

Test sinovidagi savollarda bo‘layotgan o‘zgarishlar

Joriy yildan boshlab Tarix fanidan atlas va kontur xaritalar bo‘yicha savollar qo‘shiladi. Bu borada nega kech e’lon qilinyapti, degan savolga DTM mutasaddilari “bularning barchasi darsliklar bor bo‘lgan ma’lumotlar asosida tuzilganini bildirdi. Ya’ni yaxshi o‘quvchi maktab darsligida tarixdan atlas va kontur xarita haqida ma’lumoti bo‘lishi kerak. Bu DTMning test dasturida avvaldan bo‘lgan, shu paytgacha texnik imkoniyatlar yetarli bo‘lmagani, chop etishdagi imkoniyatning cheklangani uchun bunday savollar kiritilmagan.

CEFR imtihonini qachon topshiramiz?

Eng ko‘p savol aynan shu mavzuda bo‘lmoqda. DTM vakillarining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda xorijiy tajriba asosida bu kabi imtihonlarni olishda yagona tartib ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasiga qaror loyihasi taqdim etilgan. Qaror loyihasi kechikayotganligi sababli CEFR imtihoni uchun ro‘yxatga olish to‘xtab turibdi. Qaror tez orada chiqadi va bu ro‘yxatga olish boshlanib ketadi.

Imtihonlar qanchalik shaffof o‘tadi?

Imtihonlar o‘tadigan xonalar to‘liq translyasiya qilinadi. DTM vakillarining aytishicha, o‘tgan yilgi Samarqandda va boshqa hududlarda kuzatilgan texnik nosozliklar bu yil qaytarilmasligi uchun imkon qadar harakat qilinadi. Har bir ota-ona o‘z farzandini qanday imtihon topshirayotganini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Imtihon bo‘layotgan binolarning qolgan xonalarida “o‘yinlar“ bo‘lib ketmasligiga kafolat bormi?

Imtihonlar katta sport zallarida “Ekspomarkaz“ pavilonlarida o‘tkazilmoqda. Ammo bu binolar faqatgina o‘sha test o‘tkaziladigan xonalardan iborat emas. Masalan sport zallarida kiyim almashtirish xonalari, boshqa qo‘shimcha xonalar bor. Balki o‘sha yerlarda “maxsus abituriyentlar“ o‘tirgan bo‘lishi mumkinmi? Nega u yerlarda kamera yo‘q, degan savol berildi. DTM rahbari buni taklif sifatida qabul qildi va shaffoflikni ta’minlash maqsadida bunday xonalarning bo‘sh ekanligini tasdiqlash uchun lozim bo‘lsa, kameralar o‘rnatilishini, buning uchun AKT vazirligi bilan hamkorlik qilinishini aytdi (shu o‘rinda barchadan iltimos qilgan bo‘lardik. Mazkur va’dalarni imkoni boricha yodingizda saqlab qoling. DTM rahbari haqiqatdan ham o‘z va’dasida turadimi? Yoki o‘sha “sirli“ xonalar sirligicha qoladimi? Aynan shu mavzuga biz qaytamiz — tahr).

Savollarni kim tuzadi?

Savollar xalq ta’limi vazirligi va tegishli vazirlik tomonidan saralab olingan komissiya tomonidan tuziladi. Tayyor bo‘lgach ham bir necha marotaba qayta qayta ekspertizadan o‘tkaziladi. Maktab dasturidan chetga chiqqan savollar bo‘lmaydi.

Azamat Murodov ("Xalq so‘zi") yozib oldi.