Bu yil OTMga kirish testlari faqat 2 ta mutaxassislik fanlaridan o‘tkaziladi
Bu yil abituriyentlarning uyidan chiqmagan holda ro‘yxatdan o‘tishini tashkil etish, test topshiriqlarini soddalashtirish, kirish test sinovlarini sodda shaklda va qisqa vaqt ichida o‘tkazish kabi yengilliklar yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Davlat test markazi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik, idora, tashkilotlar tomonidan kiritilgan takliflar asosida hamda abituriyentlarni qiynab qo‘ymaslik maqsadida faqat 2020-2021 o‘quv yili uchun istisno tariqasida qabul test sinovlari majburiy fanlarsiz, 2 ta mutaxassislik fanlaridan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu 2 ta mutaxassislik fanlari 2019 yil dekabr oyida belgilangan tartibda tasdiqlanib, keng jamoatchilikka e’lon qilingan.
Ta’kidlanishicha, infeksiya butunlay bartaraf etilmagan sharoitda abituriyentlarning 1000 o‘rinlik binolarda 3-4 soat qolib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Mazkur o‘quv yilida test sinovlari o‘tkaziladigan binolarda ko‘pi bilan 700 tagacha o‘rin tayyorlanadi, har bir abituriyent uchun kamida 3 kvadrat metr joy ajratiladi. Sanitariya-gigiyena talablariga binoan, ularda niqob, qo‘lqop bilan testda ishtirok etishi ta’minlanadi. Abituriyentning tana harorati o‘lchangach, binoga kiritiladi. Binolar kamida 4 marotaba dezinfeksiya qilinadi. Bularning bari test topshiruvchilar, guruh nazoratchilari va jarayonga jalb etilgan boshqa shaxslarning salomatligini himoyalash maqsadida amalga oshiriladi.