Tuman va shahar saylov komissiyalari tuzildi
Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi.
Komissiya raisi X.Muhammadiyev boshqargan yig‘ilishda dastlab tuman va shahar saylov komissiyalarini tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Saylov kodeksining 19-moddasiga ko‘ra, tuman, shahar saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda hududiy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
Hududiy saylov komissiyasi saylovga kamida yetmish besh kun qolganida tuman, shahar saylov komissiyalarini komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning sakkiz – o‘n sakkiz nafar boshqa a’zolaridan iborat tarkibda tuzadi.
14 tuman va 2 shahar Kengashi tomonidan tuman va shahar saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar tarkibi shakllantirilib, tasdiqlash uchun viloyat hududiy saylov komissiyasiga taqdim etilgan.
Komissiya nomzodlarni ko‘rib chiqib, ularni tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
– Tuman, shahar saylov komissiyalariga tarkibiga 364 nafar shaxs kiritilgan bo‘lib, ularning 160 nafari, ya’ni 48 foizi xotin-qizlardan iborat, – deydi Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Sanjar Nazarov. – A’zolarning 199 nafari ilgari ham saylov komissiyalari tarkibida ishlagan, bu borada tajribaga ega. Oliy ma’lumotlilar – 294 nafar, o‘rta-maxsus ma’lumotlilar – 38 nafar. Mutaxassisligi bo‘yicha 60 nafari pedagog, 60 nafari iqtisodchi, 24 nafari huquqshunos, yana 24 nafari tibbiyot xodimi, 20 nafari muhandis. Komissiya a’zolarining 131 nafarini 31-40 yoshlilar, 105 nafarini 41-50 yoshlilar, 48 nafarini 51-60 yoshlilar tashkil etadi.
Tuman, shahar saylov komissiyalari tarkibi, manzili va komissiyaning telefon raqamlari rasmiy veb-sayt va matbuot nashrlarida e’lon qilinadi.
Shuningdek, majlisda hududiy saylov komissiya qoshida matbuot markazi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi matbuot markazi.