Ulug‘ Tursunov asos solgan tilshunoslik maktabining qadri nechog‘li?

Taniqli fizik olim Isaak Nyuton "Men boshqalardan ko‘ra uzoqroqni ko‘rar ekanman, bunga sabab shuki, men pahlavonlarning yelkasida turibman”, degan ekan. Bu bejiz emas.
Biz ham ilm sohiblari sanalgan olimlarimiz - “pahlavonlar” o‘tgani, ularning dasturxonidan hozirgi kungacha qiymatini yo‘qotmagan ruhiy oziqlarni, umumbashariyat ahamiyatiga ega g‘oya, fikr, badiiy va ma’naviy durdonalarni olayotganimiz sabab uzoqroqni ko‘rib turibmiz.
Bu kabi fikrlar bugun Samarqand davlat universitetida “Xotira – muqaddas, inson qadri - aziz”: Samarqand o‘zbek tilshunoslari”, deb nomlangan tadbirda ko‘p bor aytildi.
Unda filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev, SamDUning o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani Jo‘liboy Eltazarov hamda adabiyot ixlosmandlari, tilshunoslar va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda “Zarafshon” gazetasi kutubxonasi turkumi ostida chop etilgan “Samarqand o‘zbek tilshunoslari” kitobi va unda keltirilgan o‘zbek tilshunosligi fani taraqqiyoti va rivojiga munosib hissa qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan olimlar, tilshunoslar yodga olindi.
- O‘tgan asrning 30-yillarida professor Ulug‘ Tursunov Samarqand tilshunoslik maktabiga asos solgan edi, - deydi professor S.Karimov. – O‘tgan yillar davomida bu maktabda o‘nlab olimlar tarbiyalandi, akademik va fan arbobi darajasiga yetdi. Muhimi, ular o‘qib, izlanib, o‘zbek tilshunosligi taraqqiyotiga hissa qo‘shdi. Bugun ularning vorislari bu xayrli ishni mahorat bilan davom ettirishmoqda. Bugungi tadbirda barcha tilshunoslarni esladik, qilgan ishlarini yod etdik.