UNWTO GA Xalqaro ta’lim forumida nimalar kutilmoqda?
19 oktyabr kuni Samarqand shahrida BMT Butunjahon turizm tashkilotining 25-Bosh Assambleyasi doirasida «Global Forum on Education: The Foundation of Building Tourism» Xalqaro ta’lim forumi o‘tkaziladi.
Forum davomida dunyoning 10 mamlakatidan ta’lim va turizm sohasi rahbarlari ishtirok etadigan Vazirlar yalpi sessiyasi o‘tkaziladi. Rahbarlar munozaralar davomida hozirgi va kelajak avlodlar uchun ta’lim sohasida innovatsiyalarni joriy etish masalalarini batafsil ko‘rib chiqadi. Sessiyada IE universitetining iqtisodiy masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti, Tadbirkorlik va innovatsiyalar markazi raisi janob Xuan Xose Guemes moderatorlik qiladi.
Ta’lim sohasidagi yetakchi ekspertlarning «Ta’lim sohasidagi UNWTO faoliyati», «Ertangi kunning investitsiyalari: cheksiz kelajak uchun transformatsiya, texnologiya, innovatsiya va ta’lim» mavzularidagi ma’ruza va taqdimotlari bo‘lib o‘tadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston, AQSh, Shveysariya, Singapur, Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Ispaniya, Gretsiyadan 7 nafar spiker, shu jumladan, turizm sohasida O‘zbekiston yoshlar yetakchilari ishtirok etadigan yalpi majlis o‘tkaziladi. Majlisda o‘rta maktabdan oliy va ijro etuvchi ta’limgacha bo‘lgan turli bosqichlarda talabalarning turli ehtiyojlarini hisobga olgan holda yaxlit yondashuv taqdim etiladi, bu turizm sanoatining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Yana bir diqqatga sazovor tadbir O‘zbekistondagi UNWTO Turizm akademiyasining taqdimotiga bag‘ishlanadi.
Bundan tashqari, Turizm va ta’lim sohasidagi ulkan yutuqlar va tashabbuslar uchun «Ulysses Awards UNWTO» mukofoti taqdimotining tantanali marosimini tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Turizm sohasida milliy va xorijiy ta’lim muassasalari o‘rtasida memorandumlar imzolash marosimi o‘tkaziladi. Mazkur forumga turizm sohasidagi yetakchi ta’lim tashkilotlari, shuningdek, 30 mamlakatdan yetakchi xalqaro tashkilotlar vakillari kelishi kutilmoqda.