Xalqaro forumda Qur’oni karimning yettita noyob nusxasi taqdim etiladi
Joriy yilning 1-3 noyabr kunlari “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi" doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi hamda Turizm va madaniy meros vazirligi hamkorligida Samarqandda “Markaziy Osiyo – Islom san’ati o‘chog‘i” nomli xalqaro forum o‘tkazilmoqda.
Forum doirasida “O‘zbekiston fondlarida saqlanayotgan Qur’oni karimning qadimiy nusxalari” mavzusida xalqaro ko‘rgazma ham tashkil etiladi. Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan yettita nodir va qadimiy Qur’oni karim nusxalari ham taqdim etiladi.
Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xabariga ko‘ra, forum doirasida “Movarounnahrda kitobat madaniyati” mavzusida islom amaliy san’ati turlari bo‘yicha festival va hunarmandlar savdo yarmarkasi, “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirish masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etiladi.