Xalqaro forum: O‘zbekiston va Qirg‘izistonda qishloq xo‘jaligi sohasida malakali mutaxassislar tayyorlanadi

Qirg‘iziston Milliy agrar universitetida bo‘lib o‘tgan xalqaro forum Qirg‘iziston va O‘zbekistonda oliy ta’limni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa tegishli tarmoqlar talablarini qondirishga bag‘ishlandi.

Forum Yevropa Ittifoqining ERASMUS+ dasturi moliyaviy ko‘magida “AgroDev”ning “Sanoatlarni qo‘llab-quvvatlash, sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari barqaror ishlab chiqarishni ta’minlashga qaratilgan oliy ta’limni takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston, Polsha, Avstriya va Vengriyadan taklif etilgan ekspertlar taqdimot qildi.

O‘zbekiston va Qirg‘izistonning to‘rtta ishtirokchi universitetidan 12 nafar talaba qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini sifat va oziq-ovqat xavfsizligi standartlarini joriy etishga rag‘batlantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan plakatlarni taqdim etdi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari ham uchta mavzuda plakatlari bilan ishtirok etdi. Talabalar o‘z ishlarida oziq-ovqat xavfsizligi, uning muhim o‘rinlari haqida to‘xtaldi. Oziq-ovqat xavfsizligi mamlakatning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Yaxshi amalga oshirilgan oziq-ovqat xavfsizligi strategiyasi oziq-ovqat narxlarini barqarorlashtirish, qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiyalarni rag‘batlantirish va oziq-ovqat eksportini rag‘batlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga yordam beradi. 

Talabalar plakatlarini baholash uchun maxsus hakamlar hay’ati tashkil etildi va eng yaxshi plakatlar tanlab olindi. Tadbirda eng yaxshi plakat mualliflari taqdirlandi.

Forum davomida qishloq xo‘jaligidagi kichik fermer xo‘jaliklar va tashkilotlarni bog‘lovchi asosiy omillar o‘rganildi. Buning natijasida ko‘pgina masalalar yechim topishga keng yo‘l ochildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilmoqchi bo‘lgan fermerlar bir qancha asosiy omillarni bilishi zarurligi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalarida sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini barqaror yetishtirish bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash masalasi muhokama etildi.

Ozoda PARDAYeVA,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

Samarqand filiali kafedra mudiri, dotsent.