Urgutda 39110 ta yuz yoshdan oshgan daraxt ro‘yxatga olindi
Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi nazorat inspektorlari tomonidan bugungi kunga qadar 1 million 57 ming 14 tup daraxt va butalar xatlovdan o‘tkazilgan.
Masalan, birgina Urgut tumanida 39110 ta yuz yoshdan katta bo‘lgan daraxt va butalar xatlovdan o‘tkazilib, shakllantirilgan elektron bazaga kiritilgan.
Bundan tashqari, 2020 yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat hududida 100 yoshdan oshgan 3 tup archa, 29 tup tut, bir tup boabab, 1 tup do‘lana, 3 tup qayrag‘och, 18 tup eman, 9 tup yong‘oq, 1 tup shumtol va 153 tup chinor daraxtlari aniqlangan bo‘lib, bular jami 246 tup daraxtni tashkil etadi.
Ayni paytda ushbu daraxtlarga “Davlat tabiat yodgorligi” maqomi berish uchun barcha tuman va shahar hokimliklariga maxsus xat orqali takliflar kiritilgan. Hozirda mazkur takliflar asosida Bulung‘ur, Past Darg‘om, Urgut, Qo‘shrabot tumani hokimliklari qarorlari bilan ushbu tumanlar hududidagi 100 yoshdan oshgan daraxtlarga “Davlat tabiat yodgorligi” maqomi berilgan.
Sherali ISKANDAROV.