Urgutlik tibbiyot xodimlariga 32 million 360 ming so‘mlik qo‘shimcha to‘lov to‘lanishi ta’minlandi

Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida tumandagi tibbiyot va sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar joriy qilish belgilangan edi.

Bo‘limimiz xodimlari viloyat adliya boshqarmasining topshirig‘iga asosan tuman tibbiyot birlashmasi va sanitariya-epidemologik osoyishtalik markazida mazkur qo‘shimcha to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lab berilishi yuzasidan monitoring o‘tkazdi.

Monitoring davomida tuman tibbiyot birlashmasidan koronavirus kasalligini tarqalishiga qarshi kurashga jalb qilingan xodimlarning lavozim maoshiga har kunlik hisoblangan 6 foiz miqdoridagi to‘lovlar uchun dastlab 12 million so‘m to‘lab berilgan. Ammo keyin berilgan buyurtmaga ko‘ra, 32 nafar xodimga hisoblangan 32 million 360 ming so‘m 6 foizli qo‘shimcha to‘lov mablag‘ kelib tushmaganligi sababli to‘lab berilmagani aniqlandi.

Natijada 2020 yil 13 iyun kuni Urgut tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘iga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi holatlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi va ushbu summa to‘liq to‘lab berilishi ta’minlandi.

Shuhrat Ahmedov,

Urgut tumani adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi.