Urgutning ardoqli ijodkor onaxoni
Men urgutlik Muattar Salimovani o‘n yillardan buyon taniyman. Ona-boladek yaqin, telefon orqali hayot va ijod olami haqida ijodiy suhbatlar qilib turamiz.
Nedanki, keksalikmi yo ijodni tushunmagan “ayrim”larning, nodonlarcha o‘ylamay “Yoshingiz yetmishdan oshganda ijod qilib nima qilasiz?” degan dashnomsifat gaplari ta’sir qilibmi, onaxon betob bo‘lib qoldi. Har zamonda bir telefonda so‘rashsam, tuzuk gaplasholmas ham edi. Samarqandga bir yo‘lim tushganida, Urgutga uyiga borib ko‘rib qaytdim. Mung‘ayibgina izimdan termulib qoldi. Men “yana ijodga qayting, sog‘ayib ketasiz”, dedim.
Onaxon yaqinda telefon qildi, oldingidek ovozi jaranglab chiqyapti, xursand, “Men ijodga qaytdim, zerikdimmi xonada o‘tirib, o‘zimcha yoza boshlagan edim, yana sog‘ayib ketdim. Hamqishloqlarim meni “o‘ldi”ga chiqarib qo‘yishibdi, shukur yaxshiman, yana-to‘y ma’rakalarga boryapman”... degan edi. “Yo qudratingdan, Tangrim” dedim. Haqqi rost, so‘zning, ijodning kuchi onaxonga yana hayot ato qilibdi.
- Endi boshqa so‘zlarga e’tibor bermang, ijod qilavering, jadal olg‘a bosing, - dedim.
Onaxonning bugun tug‘ilgan kuni. Bundan 5-6 kun avval qo‘ng‘iroq qilib, “Kelinglar, shu bahona ijod haqida gaplashamiz” dedi zavq bilan... “Nasib, yaxshi o‘tkazing”, dedim yaxshi tilaklarni ilova qilib.
U kishiga ijodiy ruh beradigan mavzu tog‘asi va ustozi taniqli shoir, tirikligida o‘zbek-tojik hamdo‘stligiga katta hissa qo‘shgan ziyoli O‘lmas Jamol xotirasi va ijodi. Buni bilganim uchun hamda fikrlarimni tiniqlashtirish uchun savollar berdim. Onaxon shunday eslaydi:
- 1956 yil uchinchi sinf o‘quvchisi edim. Dushanbega qarindoshlarnikiga ota-onam bilan borganimda o‘zbek va tojik xalqining sevimli shoiri bo‘lgan tog‘am O‘lmas Jamol xonadoniga kirganmiz. Shoirning ijod nafasi ufurib turgan mo‘’jazgina uyning to‘rida tartib bilan terib qo‘yilgan kitoblar javoniga havas bilan qarab turganimni ko‘rgan Mehriniso ona (Alloh rahmat qilsin): “Bular O‘lmasginamning kitoblari” - degandi faxrlanib. -Bilasanmi, senga qizimning ismi qo‘yilgan, shunga yaxshi ko‘raman, jiyan bo‘lsang ham singlisidek bo‘lgansan”.
Bu samimiy so‘zlar bir umr xotiramda qoldi, shu tufayli kitoblarga havas va ijodga ishtiyoq, adabiyotga ixlosmandlik qilishdan charchamadim. O‘lmas Jamolning 4 devoni, o‘nlab kitoblari, tarjimalari chiqqan. Birgina 1971 yilda yozilgan “Dilmu dilimni o‘ynatar yor”... deb boshlanadigan g‘azali 52 yildirki, ne-ne xushovoz san’atkorlar tomonidan sidqidildan aytilmadi, deysiz”...
Muattar opa to‘lqinlanib gapirar ekan u kunlarni yashagandek yoki birga borib ko‘rib kelgandek bo‘lasan kishi. Negaki, maktabda o‘quvchi paytidayoq o‘sha paytlarda tumanda tashkil qilingan radioda boshlovchi bo‘lib ish boshlagan, keyinchalik shu tumanning nashri - “Urgut sadosi” gazetasi bilan hayotini chambarchas bog‘lagan onaxon, har bir xotira hikoyasini jarangdor ovozda, radioda gapirayotgandek qilib adabiy ohangdor holatda yetkazadi kishiga. So‘zlarni o‘rinli, o‘rnida ishlatadi. Onaxonning dadilligi, ijod bilan tirikligi quvontiradi va havas uyg‘otadi kishida, uning umr yo‘li ibratlarga boy.
Shunday qilib yosh Muattar Salimovaning o‘shandagi xolisona niyati, qalb to‘lqini o‘z samarasini ko‘rsatdi. O‘rta maktabni a’lo baholarga tugatib, Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil oldi. Ellik yil “Urgut sadosi” gazetasida muxbirlik qildi.
O‘lmas Jamolning Urgut tumanida o‘tkazilgan 70 yillik yubileyiga bag‘ishlab, Muattar opaning “Urgut sadosi” gazetasida “Do‘stlik bilan limmo-lim bir qalb” nomli maqolasi yoritildi. 2019 yili Urgut shahridagi 31-son musiqa maktabi tadbirlar zalida O‘lmas Jamol tavalludining 85 yilligi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Muattar Salimovaning “Teng yarmim o‘zbekdir, teng yarmim tojik” sarlavhali shoirga bag‘ishlangan maqolasi tuman gazetasida chiqdi.
Muattar Salimovaning Dushanbeda “Xalq ovozi” gazetasida chiqqan O‘lmas Jamol hayoti va ijodi haqida “Yurtlarimiz obod ellarimiz shod bo‘lsa bas” nomli maqolasini Tojikistondan kelgan ijodkor mehmonlar tadbir ishtirokchilariga taqdim etdi. Ushbu tadbirda qatnashib barcha mehmonlar katta taassurotlar olib Urgutdan qaytdik.
Bir kuni, bir odamdan intervyu olishga ketar ekanmiz, Muattar Salimova shunday degan edi: “Bir xil odamlarni oilasi qadrlar ekan, lekin hayotda hech kim tanimas-bilmas ekan. Bir xil odamlarni ko‘chada, el-yurt hamma e’zozlab-ardoqlab, azizlar ekan-u oilasida qadri yo‘q bo‘lar ekan. Aslida zo‘mbi sifat odamdan hurmat-ardoq kutish ham noo‘rindir.”
Ijodkorlar ko‘zining qiri, nigohi bilan dunyoni idrok eta oladigan, so‘zi bilan dil, ko‘ngil mamlakatini ishg‘ol etadigan odamlar bo‘ladi. Shundan kelib chiqib aytsam Muattar Salimova ijtimoiy hayotda faol, jamiyatda nufuzi baland ayol, shu bilan birga uning inson sifatida qalb ingroqlari nechog‘lik va uning vijdon mezoni ham juda baland, bu balandlikka uncha-muncha odamning boshi yetmaydi.
2021 yil 8 fevralda Muattar Salimova qo‘ng‘iroq qildi: “Men Toshkentga keldim, Alisher Navoiy bobomning yubileyiga qatnashay deb. Siz o‘g‘limdeksiz, nevaram qatori, ertaga keling Milliy boqqa, hazrat Alisher Navoiy haykali oldiga birga boramiz” dedi. Bordim. Tadbirlarga qatnashdik. Keyin O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga, Jurnalistlar uyushmasiga, so‘ngra O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga o‘tdik. O‘nlab yozuvchi va jurnalistlar bilan uchrashdik, suhbatlashdik. Ko‘pchiligi onaxon bilan Urgutdagi ijod jarayonlarini, tahririyatda o‘tmishdagi shart-sharoitlar qanday bo‘lganini esladilar. Muattar opaning qalbida havas, orzu bo‘lib qolib ketgan hislar ko‘p ekanligini, bu orzu-umidlarini u ayol-onalik qismatiga almashganini, umrining eng gullagan yillari turmush o‘rtog‘idan bevaqt ajralib qolib, besh farzandni yolg‘iz o‘zi boqib, ulg‘aytirib, uyli-joyli qilgani, lekin ijodga havas, ijodkorlar davrasiga talpinish ishtiyoqi bu onaxonni hech qachon tark etmaganligini o‘shanda eshitib bildim. Onaxonning umri ijodkor bo‘laman deb oilani barbod etgan ayrimlarga saboq bo‘lgulik ekan, deb o‘ylab qo‘ydim o‘shanda.
Bugun Urgutning el ardoqlagan onaxoni Muattar Salimova 76 yoshni qarshilayapti. Biz barcha ijodkorlar nomidan onaxonni qutlug‘ umrining yangi dovoni, nuroniylik va mehnatlar rohati fasli bilan muborakbod etamiz. Qalb to‘lqini bilan yashagan, yaxshi-xolis niyatning ro‘yoblariga ishongan, el duosining ijobatiga erishgan onaxonga fayzli umr, tan sihatlik tilaymiz.
O‘lmasbek Xo‘jayev,
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.