Vaksina olish uchun shprits keltirish kerakmi?

4 avgust kuni “Zarnews.uz” telegram kanalida ushbu sarlavha ostida nurobodlik fuqarolar tomonidan yo‘llangan videomurojaat e’lon qilingan edi. Unda ko‘tarilgan muammo yechimi yuzasidan viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi hamda Nurobod tumani hokimligidan javob xati keldi.

***

Kamchiliklar joyida bartaraf etildi

Boshqarmamiz mutaxassislari va Nurobod tumani hokimligi mutasaddilari tomonidan videomurojaat bo‘yicha joyida o‘rganish ishlari olib borildi.

Haqiqatan ham tuman tibbiyot birlashmasida koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayoni o‘tkazilayotgan paytda shprits yetishmay qolganligi va fuqarolarga emlanishi uchun o‘zlari bilan shprits olib kelishligi haqida aytilganligi ma’lum bo‘ldi.

Vaholanki, 2015 yil 27 yanvarda Sog‘liqni saqlash vazirligining “Boshqariluvchi yuqumli kasalliklar immunoprofilaktikasini tashkil etish va o‘tkazish haqida”gi buyrug‘ida Qoraqalpog‘istoni Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga, vazirlik tasarrufidagi DPMlar, tibbiy ilmiy amaliy markazlar, ilmiy-tekshirish institutlari rahbarlariga emlash xonalarida xavfsiz immunizatsiyani tashkil qilish uchun bir marotaba ishlatiladigan shprits, xavfsiz qutilar, spirt, paxta, shokka qarshi dorilar to‘plami bilan yetarli miqdorda ta’minlash va ishlatilgan shpritslarni o‘rnatilgan tartibda yaroqsizlantirish topshirig‘i berilgan. Bu haqda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan tuman tibbiyot birlashmalariga xat bilan murojaat qilingan. Biroq Nurobod tumani tibbiyot birlashmasi mas’ullari o‘z ishiga e’tiborsizligi tufayli yuqoridagi kabi muammolar yuzaga kelgan.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, tuman tibbiyot birlashmasi omborxona zaxirasida yetarli miqdorda shprits, paxta va spirt borligi aniqlandi. Emlash ishlarini ko‘ngildagidek o‘tkazish uchun yuqoridagi kamchilik va muammolar joyida bartaraf etildi.

Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati.

***

Xizmat vazifalarini qo‘pol ravishda buzgan tibbiyot xodimlariga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi

Mazkur holat yuzasidan Nurobod tumani hokimligi tomonidan ishchi guruh tuzilib, mutasaddilar ishtirokida batafsil o‘rganib chiqildi.

Bugungi kunda tumanda 18 yoshdan yuqori vaksina oladigan fuqarolar soni 91 200 nafarni tashkil etib, joriy yilning 4 avgust holatiga 21 414 nafar (23,5 foiz) aholi emlandi.

Tumanda aholini emlash uchun 18 ta emlash shoxobchasi, 3 ta emlash brigadalari tashkil etilgan bo‘lib, o‘rtacha kunlik emlash 0,8 foizni tashkil etmoqda.

4 avgust kuni soat 10:00 dan 11:00 lar oralig‘ida tuman markazidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabida qo‘shimcha ravishda tashkil etilgan emlash punktida vaqtincha emlash uchun shprits yetishmovchiligi yuzaga kelgan. Ushbu holat emlanish uchun tashrif buyurgan fuqarolarga to‘g‘ri tushuntirilib, emlash ishlarini davom ettirish uchun ixtiyoriy ravishda yaqin hududda joylashgan dorixonalardan shprits olib kelish tavsiya etilgan.

O‘rganish jarayonida shprits yetishmovchiligiga asosiy sabab viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan berilgan vaksinalarga nisbatan emlash shpritslarining 2000 dona kam berilganligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu kamchiliklar kunning ikkinchi yarmida to‘liq bartaraf etilib, tuman markaziy dorixonasidan punktga shpritslar keltirilgan.

Fuqarolarni emlash jarayonida o‘zining xizmat vazifalarini qo‘pol ravishda buzib, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilmagan tuman tibbiyot birlashmasining xodimlari J.B., A.G., I.Yu. hamda tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimi Sh.Z.larga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Nurobod tumani hokimligi axborot xizmati.