Vaqf xayriya jamoat fondi Samarqandda 4 ta masjid qurmoqda
Joriy yilning 28 aprel kuni “Vaqf” fondi rahbari Iskandar Xalilov Samarqand viloyatida fond mablag‘lari hisobiga qurilayotgan masjidlardagi jarayonlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Urgut, Tayloq va Nurobod tumanlariga tashrif buyurdi.
Dastlabki manzil Tayloq tumani Yastepa QFYda joylashgan “Yastepa” jome’ masjidi bo‘ldi. Ushbu masjidning eski binosi avariya holatida bo‘lganligi sabab ibodat qilish anchayin qiyin ahvolga kelib qolgan edi. Masjid imom-xatibi hamda qishloq fuqarolarining murojaatiga ko‘ra “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan yangi bino bunyod etilib ayni damda bezash ishlari amalga oshirilmoqda. Tashrif davomida I.Xalilov qishloq ahliga ushbu jome’ning Ramazon hayitiga tayyor bo‘lishiga harakat qilishini ta’kidlab duoyi xayrlar qildi.
Keyingi manzillar Urgut tumanidagi “Mulla Ishoq” va “Uzun” jome’ masjidlari bo‘lib, bu ikki masjid ham anchayin eski va kichikligi sabab qishloq ahli tomonidan “Vaqf” fondiga yordam so‘rab murojaat qilishgan. Arizalari inobatga olinib fond tomonidan qisqa vaqt ichida zamonaviy barcha qulayliklarga ega yangi masjid qad rostladi. “Uzun” jome’ masjidi esa tom qismi va bezak ishlari fond mablag‘lari hisobiga bitkazildi. Tashrif davomida I.Xalilov bu ikki masjid uchun fond tomonidan yana qanday yordam kerakligini so‘rab, lozim bo‘lsa kerakli narsalar yetkazilib berilishini ta’kidlab o‘tdi.
Samarqand viloyatidagi so‘nggi manzil Nurobod tumani Sariko‘l qishlog‘ida bunyod etilayotgan “Sariko‘l” jome’ masjidi bo‘ldi. Ushbu masjidning ahamiyatli tomoni Toshkent-Buxoro magistral yo‘li yoqasida joylashganidir.
- “Bu yo‘ldan har kuni minglab sayyohlar va fuqarolarimiz o‘tishadi, eski masjidimiz ko‘rimsiz holatga kelib qolgan edi, tahoratxona esa ayanchi ahvolda”, deydi masjid imom-xatibi.
Ayni damda bunyod etilayotgan masjid binosi ko‘rkam, hashamatli va qulay tahoratxonaga ega. Eng quvonarlisi, yo‘l yuzida joylashganligi sabab sayyohlar va yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida muslima ayollar uchun ham alohida xonaqoh va masjid qad rostlamoqda.
Safar davomida fond rahbari Iskandar Xalilov imom-xatiblar, qishloq oqsoqollari va namozxonlarga xayrli ishlarda hamfikr va hamjihat bo‘lib, birgalikda harakat qilish barchamiz uchun foydali va xayrli bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Ushbu aksiya doirasida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilayotgan masjidlar, saxovatpesha vatandoshlarimizning xayru ehsonlari hisobiga amalga oshirilib, ularning ko‘magi asosida bunyod etilmoqda. Albatta, bunday savobli amallarning mukofoti Allohning zimmasidadir.