Samarqanddagi masjidlarda jamoat namozlari ado etilmoqda
Karantin cheklovlari yumshatilishi natijasida bugun – 17 avgustdan yurtimizdagi jome masjidlarda mo‘min-musulmonlar jamoat namozini ado etishni boshladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligidan ma’lum qilishlaricha, Samarqanddagi 285 ta jome masjidda ham yurtdoshlarimiz belgilangan sanitariya qoidalariga rioya etgan holda ibodat amallarini ado etmoqda. Bunda masjidlarga kirish eshiklari oldida dezinfeksiya yo‘laklari tashkil etilib, aniseptik vositalar bilan ta’minlandi. Binoga kirayotganlar harorati o‘lchanmoqda.
Viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov va vakillik mas’ullari bugun tongda Imom Buxoriy jome masjidida bomdod namozini jamoat bilan birga o‘qib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik so‘radilar. Aholini belgilangan qoidalarga amal qilgan holda ibodatlarni bajarishga da’vat etdilar.
Samarqand shahridagi Shohi Zinda masjidi ham bugundan o‘z eshiklarini mo‘min-musulmonlar uchun ochdi.
Eslatib o‘tamiz, respublika komissiyasining qaroriga ko‘ra, yurtdoshlarimiz majidlarda besh vaqt namoz o‘qishlari mumkin. Juma namozini jamoat bo‘lib bajarishga hozircha ruxsat berilmagan.