Xalqaro kuzatuvchilar – okrug saylov komissiyasida
9 iyul kuni o‘tkaziladigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish maqsadida yurtimizga kelgan xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik mehmonlar Samarqandda saylovga hozirlik jarayonlari bilan tanishmoqda.
Jumladan, bugun 7-Samarqand okrug saylov komissiyasiga Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Nikolay Bulayev va komissiya a’zolari, Rossiya va tailandlik deputatlar, jurnalistlar kelib, okrug hududida saylovga tayyorgarlik bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi X.Muhammadiyev xalqaro kuzatuvchilarga mamlakatimiz saylov qonunchiligi, muddatidan ilgari o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berdi. Uchrashuvlar chog‘ida Samarqand viloyatida saylov kampaniyasining borishi, okrug komissiyasi faoliyati yuzasidan fikrlar bildirildi.
– O‘zbekistondagi saylov jarayonlarini birinchi marta kuzatyapman, – deydi Tailanddagi “Ambassador World Magazine” jurnali bosh direktori Amonvan Ruangatabat xonim. – Saylov kodeksi bilan tanishdim, saylov kampaniyasining borishini kuzatdim. Hammasi qonun doirasida, xalqaro standartlarga mos o‘tmoqda. Samarqanddagi okrug komissiyasi faoliyati to‘g‘risida ham ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Umuman, Samarqand menga juda yoqdi. Odamlarning kayfiyati juda yuqori. Ular saylovga befarq emas.
Xalqaro kuzatuvchilar viloyatdagi saylov uchastkalarida bo‘ldi, tarixiy-madaniy yodgorliklarni tomosha qildi.