Xalqimiz dilidagi orzu-istaklar aytildi
Barcha yurtdoshlarimiz qatori Prezidentimizning Murojaatnomasini diqqat bilan tingladim va unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar yangi 10 yillikda Vatanimiz taraqqiyotini ta’minlash hamda xalqimiz turmush farovonligini oshirishda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilishini angladim.
Davlatimiz rahbarining joriy yilni mamlakatimizda “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb e’lon qilishi ayni muddao bo‘ldi. Chunki qaysi davlatda, jamiyatda ilm-fanga, ma’rifatga yuksak e’tibor qaratilsa, o‘sha yurtda albatta rivojlanish, taraqqiyot bo‘ladi. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida tashlangan muhim qadam esa barcha sohalardagi o‘sish ko‘rsatkichlarimizni aniq hisob-kitoblar asosida olib borishimizni ta’minlaydi.
Murojatnomada yana bir bor xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqilishi ta’kidlandi. Ularning biznes loyihalariga 100 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlarning ajratilishi, 5 ming 500 nafar xotin-qizlarning yangi uy-joyga ega bo‘lishi uchun davlat byudjetidan boshlang‘ich badalning to‘lab berilishi chindan ham yurtimizda ayollarga ko‘rsatilayotgan cheksiz g‘amxo‘rlikning amaldagi yorqin na’munasi bo‘ladi.
Murojaatnomada shifokorlarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash zarurligiga yana bir bor e’tibor qaratildi. Bu bejizga emas, albatta. Chunki millat qachonki sog‘lom bo‘lsa, u buyuk ishlarni amalga oshirishga qodir bo‘ladi, ko‘zlangan maqsadlarga erishish oson kechadi.
Kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar Murojaatnomada yana alohida tilga olindi. Yosh yigit va qizlarimizning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini doimiy yuksaltirish birinchi darajali vazifa sifatida belgilab berildi. Joriy yilda byudjet mablag‘lari hisobidan 22 ta teatr va madaniyat ob’yektlari qurilishi va rekonstruksiya qilinishi, davlat-xususiy sherikligi asosida 20 ta madaniyat markazi va istirohat bog‘lari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
Mamlakatimizda “Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan”, degan ezgu g‘oya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targ‘ib etish Murojaatnoma kun tartibidagi dolzarb masalalardan biri sifatida e’tirof etildi. 2020 yilda ma’rifat mash’alini baland ko‘tarib chiqqan alloma va adib Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasini keng nishonlash, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchisi Abu Muin Nasafiy hayoti, ilmiy merosiga bag‘ishlangan hamda diniy bag‘rikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etish qat’iy belgilandi.
Imom Buxoriy bobomizning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini bu mo‘’tabar zotning musulmon dunyosidagi ulug‘ maqomiga mos ravishda mutlaqo yangi loyiha asosida qayta barpo etish ishlari boshlanishi ma’lum qilindi.
Prezidentimiz millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarga e’tibor qaratib, 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni munosabati bilan yurtimizda birinchi marta “Do‘stlik haftaligi”ni va “Do‘stlik” xalqaro forum-festivalini o‘tkazishni taklif etdi.
Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor vazifalar, ko‘zlangan ulug‘ maqsadlar meni oddiy bir fuqaro, partiya faoli sifatida yanada ruhlantirdi, ularni amalga oshirishda faol hamda fidoyi bo‘lishga undadi.
Yolqin OQBO‘TAYeV,
O‘zMTDP Samarqand viloyati Kengashi matbuot xizmati kotibi.