Xarid cheki olsak nima yutamiz, olmasak nima yutqazamiz?
Samarqand viloyat Matbuot uyida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shu savolga javob izlandi.
Har bir kishi kuniga hech bo‘lmaganda bir marotaba do‘kondan yoki bozordan nimadir xarid qiladi. Lekin buning uchun chek olishni xayoliga keltirmaydi. Bu bor gap. Ana shu oddiy chekni olmaslik davlat byudjetiga tushishi lozim bo‘lgan mablag‘ning «savdogar» yoki «tadbirkor»ning cho‘ntagida qolishiga sabab bo‘ladi. Chunki, mavjud qonunchiligimizga ko‘ra do‘kondor yoki savdogar, umuman, korxona kassa apparati orqali kirim qilingan mablag‘idan tushum sifatida davlat byudjetiga soliq to‘laydi.
- Bugungi kunda Samarqand viloyati bo‘yicha fuqarolarga bir oyda o‘rtacha 850 milliard so‘m miqdorida oylik maosh tarqatiladi, lekin naqd pul orqali tushum uning beshdan bir qismini ham tashkil etmaydi, - deydi J.O‘roqov. – Nega? Sababi, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tovar aylanmalarini kamaytirib ko‘rsatadi, aholidan xarid uchun qabul qilgan naqd pullarni nazorat kassa mashinalari orqali o‘tkazmaydi va pullarni bank muassasalariga topshirmaydi. Chunki undan xaridor xarid cheki talab qilmagan.
Xo‘sh, nima qilish kerak? Albatta, har bir xaridor sotuvchidan xarid chekini talab qilishi kerak.
Javob oddiy. Ammo uni odamlarning ongiga singdirish, kundalik odatiga aylantirish oson kechmayapti. Shuning uchun brifingda viloyatimizda o‘tkazilayotgan «Xarid chekini talab qilib oling!» aksiyasini keng miqyosda o‘tkazish, unda fuqarolarning faol ishtirok etishini targ‘ib qilish zarurligi ta’kidlandi. Chunki bu aksiya boshlanganidan buyon o‘tgan 1,5 oy ichida o‘z samarasini ko‘rsatdi. Ya’ni, iyun oyigacha viloyatimiz bo‘yicha bir oyda bir kishiga bitta xarid cheki olingan bo‘lsa, iyul oyining 20-sanasi holatiga 4 tadan to‘g‘ri keldi. Demak, bu aksiyaning targ‘ib qilish o‘z samarasini beradi.
Akram Bo‘riyev.