Xarid uchun to‘plangan 1 foizli keshbek qachon qaytariladi?
Xabaringiz bor joriy yil 1-yanvardan QR-kodli xarid cheklarini “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslar xarid summasidan 1% keshbekka ega bo‘lmoqda. Ko‘pchilik xaridorlar amalga oshirgan xaridlari uchun cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazib ma’lum miqdorda keshbek summalarini to‘plashga ham ulgurdi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali keshbek orqali to‘plangan mablag‘ni qachon bank plastik kartasiga o‘tkazib olamiz degan mazmunda juda ko‘p savollar bo‘lmoqda.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi sayyor soliq tekshiruvlari sho‘basi boshlig‘i Alisher Turdiyev mavzu yuzasidan ma’lumot berdi.
“Sizga shuni ma’lum qilamizki, sotib olingan tovarlar qaytarilganda tadbirkorlik sub’yektlarida xarid cheklariga tuzatish kiritish imkoniyati mavjudligini va ular tomonidan soliq hisobotlarini taqdim etish muddatlari hisobot oyidan keyingi oyning 20-sanasigacha etib belgilanganini inobatga olgan holda keshbek summasi 21-25-sanalarda qaytariladi. Ya’ni, yanvar uchun fevral oyining 21-25-sanalarida, fevral uchun esa mart oyining 21-25-sanalarida keshbek qaytariladi.
Eslatib o‘tamiz, avtomobil sotib olganlik, temir yo‘l va avia chipta xaridi, kommunal va aloqa xizmati uchun to‘lovlar amalga oshirilganda olingan xarid cheklari uchun keshbek qaytarilmaydi.
Agar siz chek bermaslik holatlariga duch kelsangiz “Soliq” mobil ilovasining "Soliq hamkor" bo‘limi orqali xabar bering. Murojaatchiga huquqbuzarlardan undirilgan jarima summasining 20 foizi mukofot sifatida to‘lab beriladi. Ma’lumot uchun: to‘lov terminali orqali qabul qilingan to‘lovlar uchun xaridorlarga to‘lov terminali cheki bilan birga onlayn-NKM yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart".