Endilikda xarid cheki orqali to‘plangan pulning 1 foizi xaridorga qaytariladi, kassa apparati bilan bog‘liq qoibdabuzarlik haqda xabar bergan fuqaroga mukofot puli beriladi

2021 yil 4 oktyabrda “Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori e’lon qilingan edi.

Mazkur qarorda 2022 yil 1 yanvardan kuchga kirishi ko‘zda tutilgan bir qator bandlar bor.

Jumladan, birinchi yanvardan boshlab amalga oshirilgan xaridlar uchun fuqaroga xarid cheki asosida 1 foiz mablag‘ini qaytarib berish amaliyoti kuchga kirdi.

Masalan, siz oy davomida 3 million so‘mga xarid qilib, to‘plangan cheklarni tegishli tartibda taqdim etsangiz 30 ming so‘m hisobingizga qaytarib beriladi.

Qarorda ko‘rsatilishicha:

“2022 yil 1 yanvardan boshlab:
chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida xaridni amalga oshirgan va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga ularning bank kartalariga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi respublika byudjetidan qaytariladi, bundan avtomobil sotib olganlik uchun, temir yo‘l va avia chipta xaridi, kommunal va aloqa xizmati uchun to‘lov, shuningdek, to‘lov tizimi operatorlari orqali to‘lovni amalga oshirganda olingan xarid cheklari mustasno”

Shuningdek, kassa apparati va terminallar bilan bog‘liq qator qoidabuzarliklar haqda xabar bergan fuqarolarga jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot puli beriladi:

“Sotib oluvchiga cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik, shuningdek, identifikatsiya qilish vositalari bilan majburiy raqamli markirovka qilish nazarda tutilgan mahsulotlarda qalbaki markirovka qo‘llanilganligi yoki markirovka mavjud emasligi to‘g‘risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, huquqbuzarlardan undirilgan jarima summasi hisobidan qonunchilik hujjatlarida nazorat-kassa texnikasini va hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibining buzilishi bo‘yicha belgilangan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi”.