Xatarli, ko‘zga ko‘rinmas kimsalar
Ilgari poltergeyst - ko‘rinmas sharpa odamlar sog‘ligiga va moddiy tomoniga ziyon yetkazmaydi, shunchaki hazillashib qo‘yadi, deb hisoblanardi. Biroq keyingi paytlarda ular ancha tajovuzkor va xavfli bo‘lib qoldi.
Bu haqida birinchi yozuvlarni naturalist olim Genri Durbin yozib qoldirgan. Voqea esa 1761-1762 yillarda Angliyaning Bristol shahrida ro‘y bergan.
Ko‘zga ko‘rinmas yovuz kuchlar opa-singil Molli va Dobi Jaylga hujum qilgan. Olimning o‘zi guvoh bo‘lgan voqea bo‘yicha «Mister Richard Jeyli bolalari bilan bo‘lgan hodisa» kitobi 100 yildan keyin, aniqrog‘i, 1860 yilda bosilib chiqqan.
Hammasi opa-singillarning krovatini g‘alati tirnalishidan boshlangan. Keyin to‘qillash ovozi eshitilib, buyumlar joyidan qo‘zg‘ala boshlagan. Qizaloqlar “qitmir”ni tutishga uringan, biroq bir kuni otasi ko‘z o‘ngida sandiq qopqog‘i ochilib, ichidagi qizlar kiyim-kechagi o‘z-o‘zidan uloqtirila boshlangan. Ko‘p o‘tmay ko‘zga ko‘rinmas kimsa qizlarni paypaslay boshlagan. Shundan keyin ko‘ngilsizliklar ortib boradi.
«Qizlar chalqancha yotishardi, - deb yozadi Durbin, - kimdir qo‘llari, tanasini tishlab tashlagan edi, qizlar o‘z-o‘zlarini bunday tishlay olishmasdi. Tanalarida 20 ga yaqin tish izi bor edi, badbo‘y xidga chidab bo‘lmasdi».
Ikki oydan keyin ko‘rinmas kimsalar haddidan oshdi - qizlarni itarib yiqitishardi, ularga yordan bermoqchi bo‘lganlarni qandaydir ko‘rinmas kuch qo‘li tutib qolardi.
Poltergeystga qarshi kurashga chaqirilgan ruhoniyning duolari ham foyda bermaydi. Vaziyat G.Durbinga barcha tafsilotlarni ipidan ignasigacha kuzatish imkonini bermaydi. Faqat ma’lum bo‘lgani shuki, opa-singillar tirik qolishgan.
Ko‘zga ko‘rinmas yovuz kuchlarning yanada shafqatsiz ta’qibi 1962 yilda AQShning Indiana shtatida Devislar oilasida sodir bo‘ladi. Ta’qibga ikki ayol - ona va qiz uchraydi. Hammasi boboning hech kimning xayoliga kelmagan tug‘ilgan kuni ro‘y beradi. Kechqurun uyda o‘z-o‘zidan uloqtirilgan buyumlar tartibsiz ravishda ucha boshlaydi, elas-elas quloqqa xoxolash tovushi eshitiladi, so‘ngra ikkala ayol tanasiga kimdir to‘g‘nagich sancha boshlaydi. Bu bir hafta davom etadi.
Keyinchalik bundan battar bo‘ladi, ayollarni kimdir polga yiqitib shunday kuch bilan bosadiki, bechoralar qimirlashga ham iloj topolmaydi. Poltergeystlarning harakati shu bilan tugamaydi: ular o‘z qurbonlarining qo‘l-oyoqlari tirnoqlarini qo‘porishadi, sochlarini yulishadi, sirg‘alarini quloqlaridan uzib olishadi. Bechora ayollar uydan qochib ham ta’qibdan qutula olishmaydi.
Poltergeyst qanday to‘satdan ro‘y bergan bo‘lsa, shunday to‘satdan to‘xtaydi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, hodisa bobo vafot etganidan bir necha kun keyin sodir bo‘lgan ekan.
T.Shomurodov tayyorladi.