Xorazmlik jurnalistlar viloyat Matbuot uyiga keldi
O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi va viloyat kasaba uyushmasi ko‘magida bir guruh xorazmlik jurnalist va blogerlar Samarqand shahriga keldi.
Voha jurnalistlari dastlab viloyat Matbuot uyi, bu yerda joylashgan tahririyatlar faoliyati, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” gazetalari xodimlari bilan dildan suhbatlashdi.
Viloyat matbuot tarixi muzeyida bo‘lib, bu yerdagi eksponatlar haqida qiziqarli ma’lumotga ega bo‘ldi.
Shu yerning o‘zida “Jurnalist ijodiy muloqotda toblanadi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Uyushmaning Samarqand va Xorazm viloyat bo‘limlari raislari A.Haydarov hamda O‘.Matqurbonov ikki viloyat o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik bo‘yicha so‘z yuritdi. Kelgusida ijodiy muloqot maydonini Xorazmda o‘tkazishga kelishib oldi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev Samarqand jurnalistikasi rivoji xususida so‘z yuritdi. Matbuot tarixiga alohida to‘xtalib, xorazmlik ijodkor Rahmat Majidiy 1930 yillar boshida “Zarafshon” gazetasiga muharrirlik qilganligini e’tirof etdi.
- Biz Samarqandga qilayotgan sayohatimizni aynan ijodkorlar uyidan boshlaganimizda katta ma’no bor, — deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi raisi O‘tkirbek Matqurbonov. – Chunki bu maskanda matbuotimizning ulug‘ darg‘alari ijod qilgan. Qolaversa, viloyat gazetalariga berilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni ko‘rib, to‘g‘risi, havasimiz keldi. Bunday sharoitda ishlash ijodkorga yanada ilhom beradi. Matbuot tarixi muzeyi esa boshqa bir olam ekan. Safarga yosh ijodkorlarni olib kelganmiz, bu ham aynan amaliy mahorat maktabini o‘taydi. Safarimiz chog‘ida Samarqandning qadimiy obidalari haqida ham alohida maqola tayyorlashni rejalashtirganmiz.
Mehmonlarga tahririyatning sovg‘alari hamda kitoblar jamlanmasi tuhfa qilindi.
Husan ELTOYeV.