Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Windows ishlamagani uchun dunyo bo‘ylab global uzilishlar ro‘y berdi
Windows operatsion tizimida global nosozlik yuz berishi dunyo bo‘ylab aeroport va aviakompaniya, banklar, elektron tizim ishida muammolar keltirdi. Ommaviy nosozliklar Germaniya, Avstraliya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va dunyoning boshqa bir qancha mamlakatlarida kuzatilgan. AQShda American Airlines, United Airlines va Delta aviakompaniyalari parvozlarni to‘xtatdi.
🔹 Ruminiya deputati Diana Shoshoake so‘z erkinligiga qilingan hujumlarga norozilik sifatida Yevroparlament yig‘ilishida tumshug‘bog‘ taqib kirdi. Bunday keskin chiqish bilan siyosatchi Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning ikkinchi muddatga ko‘rsatilishiga norozilik bildirdi.
🔹 Yevropa va NATO Ukrainadagi urush o‘n yilga cho‘zilishiga tayyor bo‘lishi kerak, deydi NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg. Ammo vaziyatning paradoksi shundaki, G‘arb ittifoqchilari uzoq urushga tayyorlikni qanchalik ishonchli namoyish qilsalar, u shunchalik tez tugaydi, deb hisoblaydi ketayotgan bosh kotib. U 10 yil davomida NATO bosh kotibi lavozimida ishladi va shu yilning oktyabr oyida bu lavozimni tark etadi. Uning o‘rnini Gollandiyaning sobiq bosh vaziri Mark Ryutte egallaydi.
🔹 Tramp suiqasddan keyin:
Donald Tramp noyabrda o‘tadigan saylovlarda Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga rasman nomzodini qo‘yishga roziligini e’lon qildi. Nomzod Oq uyga qaytganida AQSh Shimoliy Koreya bilan munosabatlarni yaxshilashiga ishonishini aytgan. U bilan uchrashgan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban agar Tramp saylovda g‘alaba qozonsa, zudlik bilan mojaro tomonlari o‘rtasida muzokara o‘tkazishni talab qilishini aytdi. Tramp bugun Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qiladi.
🔹 Turkiyaning Izmir shahrida kuchli shamol oqibatida alangalangan o‘rmon yong‘ini aholi gavjum hududlarga yetib bordi. Yong‘in Izmirdagi xalqaro aeroport faoliyatida muammolarga sabab bo‘lgan. Izmir Turkiyada aholi soni bo‘yicha uchinchi shahar va Istanbuldan keyingi ikkinchi yirik portdir.
🔹 Fransiya politsiyasiga saqich chaynash taqiqlandi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan buyruq sakkiz kundan keyin Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadigan "Fransiya qiyofasi" uchun ekani aytilgan. "Saqich chaynash, uyali telefonlarga qaramaslik, odamlar bilan salomlashish va har qanday sharoitda xotirjamlikni saqlash muhim", deyiladi hujjatda.
🔹 Alla Pugachevaning mashhur 10 metrlik “Hummer” limuzini uysiz (bomj)larga tegdi. Limuzin unga rossiyalik qo‘shiqchi, sobiq turmush o‘rtog‘i Filipp Kirkorov tomonidan sovg‘a qilingan. Ajralgach mashina eri hovlisida qolgan va o‘g‘irlab ketilgan. Yaqinda “Hummer” Krasnodar o‘lkasida topildi.
🔹 Vetnam Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi bosh kotibi Nguyen Fu Chong bugun 81 yoshida vafot etdi.