Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, yashil energetikani joriy etish soliq tushumlari ko‘payishini ta’minlaydi

Samarqand tumanida soliq tushumlarini ko‘paytirish, yashirin iqtisodiyotni aniqlash, soliq bazasini kengaytirish hamda byudjetga qo‘shimcha tushumlar ta’minlash yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda tumandagi mavjud moliyaviy imkoniyatlar, davlat soliq xizmati va mahalliy boshqaruv organlari hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, yashirin iqtisodiy faoliyat – rasmiy hisobda qayd etilmagan ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va savdo faoliyati bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va ularni qonuniy maydonga olib chiqish bo‘yicha tizimli choralar belgilandi.
Shuningdek, tuman hokimi tomonidan hududda amalga oshirilayotgan qishloq xo‘jaligi islohotlari, tomorqa xo‘jaliklaridan samarali va suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda yangi texnologiyalar asosida ekin yetishtirish masalalari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Aholining tomorqalarini daromad manbaiga aylantirish maqsadida berilayotgan ko‘mak va taklif etilayotgan loyiha variantlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Yig‘ilish doirasida yana bir dolzarb yo‘nalish – yashil energetikani rivojlantirish, ya’ni quyosh panellari, bioenergetika va energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish masalasi ham muhokama qilindi. Tuman hokimi ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyihalar, davlat-xususiy sheriklik asosida olib borilayotgan ishlar, aholiga berilayotgan imtiyozlar va subsidiya dasturlari haqida axborot berdi.
Viloyat prokurori M.Eshnazarov yig‘ilish yakunida barcha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berib, har bir yo‘nalishdagi ishlarning ijrosini qat’iy nazoratga olish lozimligini ta’kidladi.