Soliq qo‘mitasi yangi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilayotganini ma’lum qildi

Gap “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi haqida bo‘lib, bir necha kundan buyon qarordagi ayrim bandlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgandi.

Jumladan, kartadan kartaga o‘tkazmalarining tekshirilishi, bunda jismoniy shaxslar uchun yiliga 100 million so‘m, tadbirkorlar uchun 500 million so‘m limit belgilanishi,  Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi kartadan kartaga shubhali o‘tkazmalar bo‘yicha ma’lumotlar almashishni boshlashi haqidagi xabarlar turli munozaralarga sabab bo‘ldi.

Bugun Soliq qo‘mitasi bayonot berib, har bir soliq to‘lovchining fikr va mulohazalari hurmat qilinishi, qaror avvalo, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini ma’lum qildi.

“Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi Hukumatga kiritilishidan oldin amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda regulation.gov.uz portali orqali jamoatchilik fikr-mulohozasini o‘rganish va takliflarini olish uchun keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.

Jamoatchilik muhokamalari (tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning maslahatlari hamda tavsiyalari) asosida loyiha to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir etuvchi tartib-taomillar va talablar bartaraf etilgandan so‘ng loyiha Hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi, deyiladi Qo‘mita xabarida.