Samarqandda xufiyona iqtisodiyotga qarshi qanday kurashilmoqda?
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tgan yili tadbirkorlik sub’yektlariga 2 mingga yaqin amaliy yordamlar ko‘rsatilib, 2068 ta ish o‘rinlari yaratildi.
Xususan, 117 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyati qayta tiklandi. Bundan tashqari, 95 ta tadbirkorlik sub’yektiga yer ajratishda, 15 tasiga elektr tarmoqlariga ulanishda, 9 tasiga faoliyatini kengaytirish uchun banklardan 315 million so‘m miqdorida kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatilgan. Qolaversa, 309 ta sub’yekt faoliyatiga qonuniy tus berilgan.
Tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlari asosida 15 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Misol uchun, «AL ASAD ANVAR» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbarining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Urgut filiali mutaxassisi O.M. 0,15 gektar tashlandiq yer maydonida qo‘shimcha ishlab chiqarish sexini qurish uchun yerga egalik huquqini beruvchi qaror chiqartirish hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga 2 ming dollar olgan vaqtida ushlangan. Holat yuzasidan O.M.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Umuman, 2020 yilda 305 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 139 ta ma’muriy ish yuritilgan.
Korrupsiya va poraxo‘rlik
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 179 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlandi.
Poraxo‘rlik bilan bog‘liq 60 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jumladan, sog‘liqni saqlashda 13 ta, oliy ta’limda 8 ta, yer-mulk kadastrida 4 ta, mahalla fuqarolar yig‘inlarida 4 ta, xalq ta’limida 3 ta, maktabgacha ta’limda 2 ta, IIB tizimida 1 ta, SEOM (SES)da 1 ta, elektr tarmoqlari tizimida 1 ta, boshqa sohalarda 23 tani tashkil qilgan.
Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiy chaqiruv komissiyasi katta vrachi I.T. o‘z xizmat xonasida fuqaro A.B.dan uning o‘g‘li G.D.ning oyog‘i yassi ekanligi, 2020 yil 30 yanvar kuni o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda “muddatli harbiy xizmatga yaroqsiz”, deb topilganligini vaj qilib, uni xizmatga yaroqliligi to‘g‘risida xulosa berish va Samarqand shahridagi tanishlari orqali harbiy xizmatga yuborish evaziga 600 dollarni pora tariqasida olgan vaqtida ushlangan.
Sud hukmiga ko‘ra I.T. 4 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Byudjet puli hisob-kitobsiz emas
O‘tgan yili byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq 54 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jami 23,5 milliard so‘mlik zarar aniqlangan. Jumladan, xalq ta’limi tizimida 10 holatda 3,4 milliard so‘m zarar aniqlanib, 2,8 milliard so‘mi undirilgan.
Maktabgacha ta’lim tizimida 6 holatda 736,3 million so‘m zarar aniqlanib, 542,5 million so‘m undirilgan. Sog‘liqni saqlash tizimida 6 holatda 782,4 million so‘mlik zarar aniqlanib, 453,5 million so‘m undirilgan. Elektr tarmoqlari tizimida 5 holatda 6 milliard so‘mlik zarar aniqlanib, 1 milliard so‘m undirilgan.
Soliq to‘lovidan bo‘yin tovlash - jinoyat
Viloyat bo‘yicha soliq to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari yuzasidan 23 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shu orqali byudjetga qo‘shimcha 91,5 milliard so‘m hisoblanib, 16,8 milliard so‘m undirildi.
Jumladan, Samarqand shahridagi “COMMERCE MIX TRADE” MChJ ta’sischisi va rahbari QQS hisoboti bo‘yicha jami 10,8 milliard so‘mlik tovar aylanmasini amalga oshirib, 3,2 milliard so‘mga kamaytirish orqali QQS bo‘yicha 537,9 million so‘m soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlab, 5,1 milliard so‘mlik naqd pullarni nazorat kassa mashinasidan o‘tkazmagan. Shuningdek, jamiyat sotilgan, 3,5 milliard so‘mlik kirim qilinmagan tovarlar savdosini amalga oshirib kelganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda sudning hukmi bilan korxona rahbariga tegishli jazo tayinlangan.
Noqonuniy topilgan daromad buyurmaydi
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bo‘yicha 5 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Misol uchun, Samarqand shahar “Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi” mansabdor shaxslari bir guruh bo‘lib, 2017-2019 yillar davomida korxona xodimlariga xizmat safari uchun, ish haqiga qo‘shib yozish, ish haqini tarqatmaslik, ishlamagan fuqarolarning xarajatlari uchun o‘tkazish, boshqa korxonalarga moliyaviy yordam hamda korxona korporativ kartasidan asossiz chiqim qilish orqali 1 milliard 258,3 million so‘m korxona mablag‘larini talon-toroj qilgan.
Shuningdek, Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uydan 3 xonali xonadonni sotib olish uchun 232,4 million so‘m o‘tkazish orqali jinoiy faoliyatdan olgan daromadlarini legallashtirgan.
Holat yuzasidan korxona mansabdor shaxslariga nisbatan o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Valyuta qo‘lda sotilmaydi
O‘tgan yili viloyatdagi 19 ta tijorat banklarida mavjud 104 ta xalqaro pul o‘tkazmalaridan 840 million 579,7 ming AQSh dollari kelib tushgan. Shuningdek, 60 million 374 ming AQSh dollari xorijga yuborilgan.
Mavjud 91 ta valyuta almashtirish shoxobchalari orqali 260 million 131,3 ming AQSh dollari sotib olingan. O‘z navbatida, 140 million 162,4 ming AQSh dollari sotilgan. Shunga qaramasdan, o‘tgan yili valyuta mablag‘larining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 53 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 44 ta jinoyat va 9 ta ma’muriy ishlar yuritilgan.
Oqibatda 142 ming 919 AQSh dollari, 57 ming 200 Rossiya rubli, 2000 Qozoq tengesi, 263,1 million so‘m va 165,2 million so‘mlik zargarlik buyumlari olib qo‘yilgan.
Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on tumani “Payshanba” dehqon bozori oldida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.X. bir guruh bo‘lib, fuqaro V.A. ga 1 AQSh dollarini 9590 so‘mdan hisoblab, 7250 dollarni 69 million 527 ming 500 so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Xufiyona iqtisodiyotga yo‘l yo‘q
Mazkur yo‘nalishda 56 holat aniqlanib, 30 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 26 ta ma’muriy ish yuritilgan. Oqibatda 695,3 million so‘mlik tovar moddiy boyliklari olib qo‘yilgan.
Jumladan, dori-darmon vositalarini noqonuniy sotish bilan bog‘liq 18 ta ma’muriy, psixotrop dori vositalarini noqonuniy sotish bilan bog‘liq 4 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Alkogol va tamaki mahsulotlari muomalasi bilan bog‘liq 4 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 1 ta ma’muriy ish yuritilib, 35,6 million so‘mlik, paxta chigitidan yog‘ ishlab chiqarish bilan bog‘liq 16 ta jinoyat va 2 ta ma’muriy ish yuritilib, 378,2 million so‘mlik uskunalar va mahsulotlar olib qo‘yilgan.
M.Ro‘zmatov,
Departamentning viloyat boshqarmasi boshlig‘i, adliya maslahatchisi.