Yashirin, qalbaki pul sexi aniqlandi

Toshkent viloyati Parkent tumanida qalbaki kupyuralarni ishlab chiqarayotgan yashirin sex faoliyati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati ma’lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Parkent tumani bo‘limi tomonidan olingan tezkor ma’lumotlarga asosan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda fuqarolar N.N. va P.Y. oldindan til biriktirib, vaqtincha yashab kelayotgan Parkent tumani, Xisarak qishlog‘idagi xonadonida rangli printer yordamida 50 000 va 100 000 so‘mlik qalbaki kupyuralarni tayyorlab kelayotganliklari aniqlangan.

Tadbir yakunida ushbu xonadondan 116 dona 50000 va 34 dona 100000 so‘mlik qalbaki kupyuralar, 94 dona 50000 va 100000 so‘mlik kupyuralarning tasviri tushirilgan A-4 hajmli qog‘ozlar hamda ularni ishlab chiqarishda foydalanilgan “EPSON” rusumli rangli printer, bo‘yoqlar va boshqa mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan N.N. va P.Y.larga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.