Mamlakatga qalbaki valyutalarni olib kirishga bo‘lgan urinishlarning oldi olindi
Poytaxt aeroportida "Istambul-Olma-ota - Toshkent" yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan yo‘lovchilardan biri bojxona nazoratidan "yashil yo‘lak" orqali harakatlanayotib, bojxona xodimlarining diqqatini tortdi.
Shundan so‘ng, ushbu shaxsning bagaji belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, bagajdagi sochiqlar orasida 5000 AQSh dollari miqdoridagi naqd xorijiy valyuta borligi aniqlandi. Ammo mazkur valyutalarning haqiqiyligi bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi. Bir qarashda haqiqiydek tuyulgan kupyuralarning barchasi qalbaki bo‘lib, buni qalbaki kupyuralarni aniqlashga ixtisoslashgan valyuta detektori ham tasdiqladi.
Qizig‘i shundaki, kupyuralarning aksariyatida seriya raqamlari ham bir xil bo‘lgan.
Shu kuni tezkor tadbir xalqaro aeroport avtoturargoxida va Yashnobod tumanida davom ettirilib, mazkur qalbaki valyutalarni qabul qilib, egasiga yetkazishi lozim bo‘lgan shaxslar ham ketma-ket qo‘lga olindi.
Qarangki, ulardan birining boshqaruvidagi “Lasetti” markasidagi avtotransport vositasini ko‘zdan kechirish davomida, old yo‘lovchi o‘rindig‘i ostida yana soxta 5000 AQSh dollari borligi aniqlandi.
Nihoyat, poytaxtimizning Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur qalbaki valyutalarning haqiqiy egasi ularni qabul qilib olayotgan vaqtida fosh qilindi.
Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda soxta dollarlar ashyoviy dalil sifatida olinib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.