YPX postida qalbaki dollarlar olib ketayotgan shaxslar ushlandi
Toshkent viloyati IIBB YHXB matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Toshkent viloyati hududidagi «Chinor» muntazam yo‘l-patrul maskanida («Qamchiq» dovoni) qalbaki dollarlar olib ketayotgan shaxslar ushlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 13 yanvar kuni YPX inspektorlari tekshirish uchun “Nexia” avtomobilini to‘xtatgan. Avtomobil yukxonasi ko‘zdan kechirilganda boshqa transport vositasiga tegishli bo‘lgan davlat raqami belgisi borligi aniqlangan. Haydovchi davlat raqami korxonaga qarashli yuk avtomobiliga tegishli ekanligini aytgan.
Shundan so‘ng inspektorlar avtomobil salonida bo‘lgan yo‘lovchilar bilan suhbatlashib, hujjatlarini tekshirgan. Tekshiruv davomida yo‘lovchilardan biri o‘zini g‘alati tutib, xodimlardan yashirinishga harakat qilgan. Ushbu yo‘lovchi guvohlar ishtirokida to‘liq tekshirilganida o‘zi bilan 1 200 AQSh dollari olib ketayotgani aniqlangan.
Dollarlar xodimlarda shubha uyg‘otganligi sababli tezkor xizmat vakillari bilan birgalikda tekshirilganda ular qalbaki ekanligi aniqlangan.
Avtomobil, yo‘lovchilari va ulardan olingan ashyoviy dalillar bilan birgalikda Ohangaron tumani IIBga topshirilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.