Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Yaxshi ustozning izi doskada emas, shogirdining taqdirida qoladi

Ba’zi insonlar hayotimizga kirib keladi-yu, biz ularni yillar o‘tsa ham unutmaymiz. Ularning aytgan bir og‘iz so‘zi, maslahati yoki o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizni uyg‘otgan bir qarashi butun hayotimizga ta’sir qiladi. Menimcha, shunday insonlarning eng ulug‘i ustozdir.

Bolalik yillaringizni eslang. Sinfxona, parta, doska... va albatta, yodingizda qolgan bir ustoz bor. Balki u sizni birinchi bo‘lib maqtagandir. Balki hammadan umidini uzgan paytingizda sizga ishongandir. Balki “Sen buni uddalaysan”, degan oddiygina gapi sizga kuch bergandir.

Oradan qancha yillar o‘tmasin, ana shu so‘zlar unutilmaydi. Chunki ustozning qo‘lida faqat kitob va bo‘r emas. Uning qo‘lida bolaning kelajagi bor.
O‘qituvchi sinfxonaga kirganida shunchaki dars boshlanmaydi. U yerda tarbiya boshlanadi. Har bir so‘z, har bir munosabat, hatto ustozning o‘zini tutishi ham o‘quvchi uchun bir saboq. Shuning uchun ham bejizga “O‘qituvchi tarbiyalanmaydi — tarbiyalaydi”, deyilmaydi.

Bir ustozning o‘quvchisi bilan suhbatiga guvoh bo‘lgandim. Bola o‘qishda qiynalayotgani, o‘ziga ishonchi yo‘qligini aytib, tushkun holatda turardi.
Ustoz esa uni koyimadi.

- Sen hali ko‘p narsaga erishasan. Faqat o‘zingga ishon. Men senga ishonaman, - dedi.
Oddiy gap...

Ammo ba’zan inson hayotini aynan shunday oddiy gaplar o‘zgartiradi.
Yillar o‘tib, o‘sha bola ustozining oldiga keldi. Ustoziga:

- Siz o‘sha kuni menga ishonganingiz uchun men ham o‘zimga ishona boshlaganman, - dedi.

Mana, ustoz mehnatining eng katta natijasi. Uning mehnati har doim ham shu kunning o‘zida ko‘rinmaydi. Ustoz bugun bir qalbga urug‘ qadab ketadi. Uning mevasi esa yillar o‘tib ko‘rinadi.

Bugun maktab partasida o‘tirgan bola ertaga shifokor, olim, muhandis, jurnalist yoki yurtga xizmat qiladigan inson bo‘lishi mumkin. Uning bilimida, dunyoqarashida, odobida, hayotga munosabatida esa albatta bir ustozning izi bo‘ladi.

Shu bois o‘qituvchilik oddiy kasb emas. Bu inson qalbiga ta’sir qilish, kelajakni tarbiyalash, avlod taqdiriga daxldor bo‘lishdir.

Haqiqiy ustoz shogirdining o‘zidan o‘zib ketganini ko‘rib quvonadi. Chunki u shogirdidan ustun bo‘lish uchun emas, uni o‘zidan ham balandroqqa ko‘tarish uchun mehnat qiladi. Menimcha, ustozning eng katta mukofoti shogirdining yutug‘idir.

Bugun bir ustozning “Men senga ishonaman” degan so‘zi kimningdir hayotini o‘zgartirayotgan bo‘lishi mumkin.

U bilim beradi, lekin faqat bilim bilan cheklanmaydi.

U tarbiya beradi.

U yo‘l ko‘rsatadi.

U ishonch beradi.

U insonni hayotga tayyorlaydi. Bir ustoz yuzlab qalblarga nur beradi. Bir dars bir taqdirni o‘zgartirishi mumkin. Bir avlod bir ustozning fidoyiligi bilan kamol topadi.

Shunday ekan, o‘qituvchini qadrlash shunchaki bir kasb egasini qadrlash emas. Bu kelajakni qadrlash, millat taqdiriga hurmat bilan qarashdir.

Zero, ustozning qo‘lida bo‘r emas, kelajak taqdiri bor.

U faqat bilim bermaydi, insonni inson qiladi.

Shahlo Qo‘ziyeva,

Samarqand viloyati pedagogik

mahorat markazi matbuot kotibi.