Yoshlar manfaati aks etgan Murojaatnoma

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvar kungi Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi tom ma’noda xalqning, ayniqsa, yoshlarning dilidagi orzu-niyatlari va ezgu intilishlarini o‘zida mujassam etgan tarixiy hujjat bo‘ldi.

Yoshlar tashkilotida faoliyat olib borgan shaxs sifatida aytishim mumkinki, yoshlarga doir davlat siyosatini samarali yuritish maqsadida ilgari surilgan mazkur takliflar natijasida ushbu sohadagi institutsional ishlar qaytadan tanqidiy ko‘rib chiqiladi va amaldagi yoshlar manfaatlarini himoya qiluvchi mexanizm yanada takomillashtiriladi.

Prezidentimiz tomonidan bildirilgan oliy ta’lim standartlarining xorijiy tajriba asosida takomillashtirilishi, ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitiladigan fanlarning qayta ko‘rib chiqilishi va mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartirilishi to‘g‘risidagi tashabbus oliy ta’limda tahsil olayotgan barcha yoshlarga o‘z sohalarini yanada mukammal egallashlari uchun imkoniyat yaratib berishi bilan ahamiyatli.

Davlatimiz rahbari oliy ta’lim qamrovini oshirish to‘lov kontraktiga bog‘liq bo‘lib qolmasligi xususida fikrlar bildirib, buni amaliy jihatdan asoslab berdi. Shuni hisobga olib, oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobar ko‘paytirish va qizlar uchun alohida grantlarni ajratish borasida amaliy chora-tadbirlarni ko‘rish bo‘yicha mutassadilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash bo‘yicha yagona ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish va yoshlar siyosatini baholash milliy indeksini joriy etish kerakligi qayd etildi.

“O‘zbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasini ishlab chiqish, unda ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazishning amaliy chora-tadbirlari belgilanishi ta’kidlandi.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llay oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga har jihatdan bog‘liq. Hozirda mazkur masala doirasida ko‘plab tashkiliy va institutsional ishlarni amalga oshirishga ehtiyoj mavjud. Shu maqsadda Prezidentimiz zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan “IT-park”larni barpo etishga alohida e’tibor qaratish zarurligini qayd etib, yaqin yillarda “IT-park”larni Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida ham tashkil etish taklifini bildirdi.

2017 yilning 12-21 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz tomonidan Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish taklifi bildirilgan edi. Mazkur taklifni amalga oshirish maqsadida Murojaatnomada 2020 yilda yoshlar huquqlariga bag‘ishlab Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumini o‘tkazish va unda ushbu konvensiya loyihasini muhokama etish tashabbusi ilgari surildi.

Murojaatnomada bildirilgan taklif va tashabbuslar yoshlarga o‘zgacha ko‘tarinki ruh berdi, kelgusida ulkan ishlarni amalga oshirishda shijoat bag‘ishladi. Biz so‘z bilan aytganda, barcha yoshlar bir tanu bir jon bo‘lib, yakdil va ahil bo‘lib harakat qilsak, halol-pok, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga va tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir bo‘lamiz.

Abdullo ASLONOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.