Yozning so‘nggi oyida mamlakatimizda ob-havo qanday bo‘ladi?
Mamlakatimizning shimoli-g‘arbiy hududlariga Volgabo‘yidan nam va salqin havo oqimi kirdi.
O‘zgidromet xabariga ko‘ra, bugun qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kuzatilishi mumkin. Mamlakatimizning qolgan hududida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, harorat 30-33 daraja atrofida bo‘ladi.
2 avgustda respublikamizning katta qismida ob-havoning yana kam bulutli va quruq bo‘lishi kutilmoqda. Faqat ba’zi tog‘li va tog‘oldi hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Keyingi haftada ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Harorat asta ko‘tariladi va yana 36-39 darajani tashkil qiladi.
Keyinchalik avgust harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Qisqa muddatli yomg‘irlar asosan respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida kuzatiladi. Harorat kechasi 17-22 daraja, kunduzi 32-37 daraja atrofida, ayrim kunlarda 40 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda. oyning so‘nggi o‘n kunligida kunduzgi harorat 28-33 darajagacha pasayishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyi O‘zbekistonda yilning eng quruq oyi hisoblanadi.
Avgust oyida yog‘ingarchilikli kunlar o‘rtacha 1-2 kunni, Farg‘ona vodiysi va tog‘larda − 3-6 kunni tashkil qiladi. O‘rtacha yog‘inlar miqdori mamlakatimiz hududining katta qismida 1-2 mm., ayrim joylarda 3-4 mm., tog‘oldi va tog‘larda 10-20 mm.ni tashkil qiladi.