Yuksalishning yangi bosqichi

Har qanday hududning barqaror iqtisodiy taraqqiyoti, avvalo, investitsiya muhitining jozibadorligi, ishlab chiqarish salohiyatining yuksalishi va tashqi bozorlarda munosib o‘rin egallash imkoniyatlari bilan belgilanadi.

- 2026 yilning birinchi yarim yilligi natijalari viloyatimizda bu yo‘nalishdagi islohotlar samarasi ham yuqori ekanini ko‘rsatdi, - deydi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov. - Jumladan, hududiy investitsiya dasturlari doirasida qiymati 263,2 million dollar bo‘lgan 350 ta loyiha foydalanishga topshirildi. Ushbu loyihalarning 79 tasi sanoat sohasiga, 202 tasi xizmatlar yo‘nalishiga, 69 tasi qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga to‘g‘ri keladi. Yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarining ishga tushirilishi natijasida 4361 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Hisobot davrida Nurobod tumanida “Nanjing Cement Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 63,5 million dollar bo‘lgan sement zavodi ishga tushirildi. Yillik quvvati 1 million tonna bo‘lgan mazkur korxona qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish, ichki bozor ehtiyojini qondirish va 200 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash imkonini berdi.

Samarqand viloyatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda xorijiy sarmoyalarni jalb etish muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Joriy yilda viloyat iqtisodiyotiga 4,4 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish va umumiy qiymati 10 milliard dollar bo‘lgan 189 ta yirik loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Yilning birinchi yarmida 1,2 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Jumladan, Bulung‘ur tumanida “Yangi Osiyo xalqaro biofarmasevtika” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 30,7 million dollarlik, Ishtixon tumanida Samarqand xalqaro kolleji tomonidan 18,9 million dollarlik xorijiy investitsiya loyihalari amalga oshirildi.

Bu kabi tashabbuslar iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini rivojlantirish, zamonaviy bilim va texnologiyalarni jalb qilish hamda yuqori malakali kadrlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda.