Amerika sehrli diyor, ammo qo‘l yetmas emas

Keyingi yillarda AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi, turli sohalarda hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda.

O‘zaro savdo hajmi, tarmoqlarga sarmoya kiritish, ta’lim, tibbiyot, IT va boshqa ko‘plab sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining AQShga tashrifi chog‘ida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda aloqalarni kengaytirish, ishga solinmagan imkoniyatlardan birgalikda foydalanish maqsadida muhim kelishuvlarga erishildi.

AQSh davlat departamenti e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, Prezidentimizning Vashingtonga tashrifi chog‘ida sanoat, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, mineral resurslar va xavfsizlik sohalarida hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Jumladan, aniqlangan mineral konlardan birgalikda foydalanish, muhim minerallar va nodir metallar ta’minoti zanjirini mustahkamlash, kichik modulli reaktorlar sotib olish, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olingan.

Shuningdek, avtomobil qismlari importi, UzAuto Motors kompaniyasini xususiylashtirish jarayonida AQSh kompaniyalari ishtirokini kengaytirish, O‘zbekistonda metanol ishlab chiqarish majmuasi qurilishi, mahalliy metanoldan olefin ishlab chiqarish, ko‘mirdan kimyoviy mahsulotlar olish borasida ham bitimlar tuzilgan. Xavfsizlik va qonun ustuvorligi sohasida ikki davlat xalqaro jinoiy tashkilotlarga qarshi kurashda ma’lumot almashadi, noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar savdosiga qarshi choralarni kuchaytiradi.

Massachusets shtati, Boston shahridagi “NORTHEASTERN UNIVERSITY”ning moliya va boshqaruv hisobi fakultetida o‘qib yurgan paytlarimda AQShning iqtisodiy imkoniyatlari, u yerdagi zamonaviy texnologiyalar, ilmiy ishlanmalarga ajratilayotgan sarmoyalarga guvoh bo‘lganman. Bu davlatning iqtisodiy imkoniyatlar va potensiali juda katta. Amerika kompaniyalari zarur texnologiyalar va moliyaviy imkoniyatlarga ega, shu bilan birga, volfram va molibden kabi muhim minerallardan tayyorlangan mahalliy mahsulotlarning uzoq muddatli iste’molchilari hisoblanadi.

Prezidentimiz 6 noyabr kuni Vashington shahrida AQShning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning asosiy yo‘nalishlari sifatida energetika, strategik xomashyo, logistika va IT sohalariga alohida e’tibor qaratdi.

Viloyatimizda hozirda AQSh kapitali ishtirokida jami 18 ta, shundan 14 ta qo‘shma korxona hamda 4 ta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi "MAROKAND PENSYLVANIA TRADE” qo‘shma korxonasi, “BOUTIQUE HOTEL MEDINA" MChJ mehmonxona xizmati yo‘nalishida, Nurobod tumanida “BILOLBEK BOBURBEK BIZNES" qo‘shma korxonasi savdo xizmatini ko‘rsatib kelmoqda.

2024 yilda 4 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida AQShdan 4,1 million dollar investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi. Xususan, "SAMIT GLOBAL INC" negizida IT markazini tashkil etish loyihasi doirasida 3 million dollar xorijiy investitsiya mablag‘lari jalb etildi.
2025 yilning birinchi yarim yilligida 6 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida AQSh davlatidan jami 38,8 million dollar xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi. Xususan, “Sam ever green” MChJ tomonidan quyosh stansiyasi tashkil etish loyihasi doirasida 14 million dollar, “SAMARQAND OXYGEN SERVICE” MChJ tomonidan savdo markazi tashkil etish loyihasi doirasida 4,5 million dollar xorijiy investitsiya yo‘naltirildi. Ikki davlat o‘rtasida aloqalar yaxshilanishi doirasida jalb etiladigan sarmoyalar hajmi ham ortib bormoqda.

Viloyatimizning AQSh bilan o‘zaro tovar aylanmasi 10 million dollarni tashkil etib, 2,4 million dollarlik mahsulot eksportga chiqarilgan. AQShga asosan mayiz, gilam va gilam mahsulotlari, qalampir, quritilgan va konservalangan meva-sabzavotlar, ichimliklar sotilgan.

Sheroz Sobirov,
viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.