Jomboy tumani va SamISI: Hamkorlik iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi
Keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijadorligi 2020 yilning mart-apreli birmuncha susaydi. Ya’ni, pandemiya ta’sirida korxonalarning katta qismida ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi pasaydi, soliq tushumlari ham parallel tarzda qisqardi.
Misol uchun, Jomboy tumanida mavjud 300 ta kichik korxonaning yarmida birinchi yarim yillikning natijalariga ko‘ra ishlab chiqarish sur’atlari 10 foizdan 50 foizgacha pasaygandi, 137 korxonada soliq tushumlari 6 milliard so‘mga qisqardi. Tuman hokimligi bunday holatga barham berish, o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va tuman iqtisodiyotini bosqichma-bosqich rivojlantirish maqsadida e’tiborni Samarqand iqtisodiyot va servis institutining ilmiy salohiyatidan foydalanishga qaratdi. Institut jamoasi esa ko‘p yillik izlanishlari natijasida to‘plangan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etishga kirishdi.
Jumladan, tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha oliygoh professor-olimlari tumanda mavjud imkoniyatlarni o‘rganib, sanoat sohasining o‘sish nuqtalari (drayverlari)ni belgilab oldi. Bu asosan sanoat, xizmat ko‘rsatish va turizm hamda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga qaratildi. Bunda 2021-2022 yillarda qayta ishlash sanoatini rivojlantirish sohasida qiymati 144 milliard so‘mlik 13 ta yangi loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilib, 180 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutildi. Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish borasida Zarafshon, G‘azira hamda Katta qishloq mahallalarida turizmning 2 ta yo‘nalishi, ya’ni ekoturizm va agroturizm manzillarini yaratish rejalashtirildi. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda meva-sabzavotchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va chorvachilik sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish belgilab olindi.
Hamkorlikning birinchi oyida marketing faniga tayangan holda tumanning kuchli va zaif jihatlari aniqlandi, tahlillar natijasida tumanning ulkan imkoniyatlari yaqqol ko‘zga tashlandi. Jomboy joylashgan maydon nisbatan ixcham, ya’ni 550 kvadrat kilometrdan iborat, unda keng rivojlangan infratuzilma shakllangan, energiya ta’minoti nuqtai nazaridan ham boshqa hududlarga nisbatan ustunlik mavjud. Shu imkoniyatlar tufayli keyingi uch yilda tumanda umumiy qiymati 7 million dollardan ko‘proq jamg‘armaga ega 6 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi sanoat korxonalari ishga tushirilgan. Bugungi kunda ular tomonidan import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan, dunyo standartlariga javob beradigan, yuqori talabga ega keng assortimentdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Shu bilan birga iqtisodiy faoliyatni samarali yo‘lga qo‘yishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar ham talaygina. Bunga tumanning imkoniyatlarini o‘rganishlarimiz davomida guvoh bo‘ldik.
Birinchi navbatda, bu sanoat korxonalarining 90 foizida atigi 15-20 kishi ishlashi, ularning yillik tovar aylanmasi, rentabelligi va shulardan kelib chiqadigan raqobatbardoshlik darajasi o‘ta past darajada ekanligidir. Bu esa shu paytgacha miqdor ko‘rsatkichlariga sifat ko‘rsatkichlariga nisbatan ko‘proq e’tibor qaratilganligining dalolati.
Shu jihatdan institutimiz olimlarining ilmiy izlanishlari kichik korxonalarni yiriklashtirishga qaratilishi maqsadga muvofiq ekanligini ko‘rsatdi. Sanoat sohasidagi hamkorlikdan asosiy vazifalardan biri yillik aylanmasi 1 milliard so‘mga teng korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlaridan yanada samaraliroq foydalanishni yo‘lga qo‘yish va parallel tarzda yirik korxonalar sonini hozirgi 30 tadan 50 taga yetkazish.
Yana bir ko‘zga yaqqol tashlanadigan holat – bu katta miqdorda ishlab chiqariladigan meva-sabzavotlarning sanoat yo‘li bilan qayta ishlanishi.
Tumanda yiliga 200 ming tonna meva-sabzavot va katta miqdorda chorvachilik mahsulotlari yetishtiriladi. Ammo ularning atigi 8-10 foizi tuman korxonalari tomonidan sanoat mahsulotiga aylantiriladi. Bu esa qo‘shilgan qiymat yaratish borasida tizimli zanjir yaratilmaganining isbotidir.
Sanoat klasterlari tuzish borasidagi jarayonlar ham ilmiy asoslarga tayanib yo‘lga qo‘yilmagan. Misol uchun, birinchi va aslini olganda namuna sifatida xizmat qilishi lozim bo‘lgan meva-sabzavotchilik klasteri tashkil etish uchun Samarqand shahrining chekkasida joylashgan, o‘n yillar davomida modernizatsiya ishlari amalga oshirilmagan, og‘ir moliyaviy ahvoldagi «Samarqand konserva zavodi» tanlab olingan. Tez buziladigan, dehqon peshonasi teri bilan yetishtirilgan xomashyoni yoz paytida 30-40 kilometrga tashishning qimmatga tushishi va boshqa muammolarning vujudga keltirishi hech kimning xayoliga kelmagan.
Yana bir achinarli holat: yiliga 5 ming tonna paxta tolasini qayta ishlab, 20 million dollarga teng tayyor mahsulotni eksport qilish potensialiga ega, yaqindagina modernizatsiya qilingan «Amin Invest Interneyshl» korxonasi negizida uch yil ilgari to‘qimachilik klasteri tashkil etish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilingan. Muammo shundaki, qaror loyihasi ilmiy asoslanmagan tarzda, tegishli kompetensiyaga ega bo‘lmagan mutasaddi shaxslar tomonidan tayyorlangan. Ular korxonaning nochor moliyaviy ahvolga tushib qolganligidan xabardormikan? Ayni paytda tumanning yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lgan bu korxonaning o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, ishlab chiqarish quvvatlaridan atigi 25 foiz darajasida foydalanilishi na to‘qimachilik assotsiatsiyasi rahbarlari, na boshqa mutasaddi shaxslarni qiziqtirmagan.
Qishloq xo‘jaligi sohasini tuman iqtisodiyotining lokomotivi, ya’ni drayveri deyish mumkin. Ammo oxirgi uch yilda sabzavotchilikdagi o‘rtacha hosildorlik ko‘rsatkichi 450 sentnerdan 250 sentnergacha pasaygan. Shu paytgacha g‘alla mavjud ekin maydonlarining 60-75 foizida joylashtirilgan, bu esa nafaqat almashlab ekish tamoyiliga rioya etmaslik, balki boshqa ilmiy yondashuvlar chetda qolib ketayotganining dalolatidir. Gap shundaki, Jomboy tumani Zarafshon daryosining yaqinligidan kelib chiqadigan o‘ziga xos iqlimga ega. Shunga qaramasdan iqlimshunos va tuproqshunos olimlar potensialiga tayanib qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joylashtirish yo‘lga qo‘yilmagan. Vaholanki, iqlimi salqin va yuqori namlikka ega Moldova, Kavkaz va Yalta hududlarida yetishtiriladigan uzumdan eng oliy sifatli va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega vino va konyaklar ishlab chiqariladi hamda rivojlangan mamlakatlarga qimmat narxlarda eksport qilinadi.
Tuman iqtisodiyotida drayver rolini bajara oladigan yana bir soha bu qurilish industriyasidir. Gap shundaki, tumanda o‘nlab qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda va ular zimmasiga hududiy sanoat mahsulotining to‘rtdan bir qismi to‘g‘ri keladi. Bunday holat qurilish klasterini tashkil etish uchun katta imkoniyatlar yaratadi va buni asoslash uchun tumanda joylashgan sement, shifer, quruq qurilish aralashmalari, bo‘yoq va ayniqsa, katta gabaritli keramik bloklar ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonalarni misol keltirishning o‘zi kifoya.
Muammo shundaki, tumanda 100 dan ziyod kichik, zamonaviy texnikaga ega bo‘lmagan qurilish tashkilotlari joylashgan. Agar ularning tarkibidan 3-4 ta menejmentga tayanib ishlash imkoniyatiga ega tashkilotlar tanlab olinsa va ular zamonaviy texnikalar bilan ta’minlansa, mahalliy xomashyo bazasidan foydalanish yo‘li bilan qurilish ishlari hajmini bir necha barobarga ko‘paytirish mumkin. Natijada klaster usuli yordamida nafaqat aholi uchun cho‘ntakbop uy-joylar qurilishi kengayadi, balki nisbatan kamroq sarf-xarajatlar bilan, byudjet xarajatlarini tejashga xizmat qiladigan zamonaviy maktablar, bog‘chalar va boshqa ijtimoiy ob’yektlar qurilishiga start beriladi.
Xulosa sifatida ta’kidlash joizki, yuqorida qayd etilgan hamkorlik ikki tomon uchun ham samarali bo‘ladi. Ayni kunlarda iqtisodchi olimlar ishlab chiqarish jarayonlariga xos amaliy, tumanning iqtisodiy kompleks xodimlari esa qo‘shimcha nazariy bilimlarga ega bo‘lmokda. Fan va amaliyot o‘rtasidagi bu hamkorlik kelgusi yilning birinchi yarim yilligidan o‘z samarasini ko‘rsatadi. Bu hamkorlik jadallik va takomillashgan tarzda davom ettirilsa, tuman iqtisodiyoti rivojlanib, aholining turmush darajasi yaxshilanadi.
Ilhom VAFOYeV,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti ilmiy izlanuvchisi.