Yurtimizda koronavirusga chalingan bemorlarning deyarli yarmi tuzaldi
Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan bir yo‘la 24 nafar bemor butkul sog‘aydi. Bu haqda SSV jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Sog‘ayganlarning 20 nafari Toshkent shahridan, Surxondaryo, Farg‘ona, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridan 1 nafardan. Ulardan 5 nafari Turkiyadan “Istambul – Toshkent” yo‘nalishida, 4 nafari Rossiyadan “Moskva – Toshkent” yo‘nalishida charter reyslar orqali kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 15 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 11 nafari erkak, 13 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 65 yoshda bo‘lsa, 11 oylik va 1 yoshli chaqaloqlar ham bor.
Ushbu klinikada shu paytga qadar 63 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 87 nafarga yetdi.
Hozirga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar 958 nafarga yetdi.