Samarqandda naslli qoramollar soni nechta?

Viloyatda chorvachilik yo‘nalishida 1560 ta xo‘jalik faoliyat yuritadi. Shundan, 698 ta qoramolchilik xo‘jaliklarida 53 ming 271 bosh chorva mollari boqilmoqda. Joriy yilda esa 100 dan ortiq naslchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan xorijdan 1 ming 826 bosh zotdor chorva mollari keltirildi.
O‘zagroinspeksiya viloyat boshqarmasi tomonidan chorvachilikda naslchilik ishlari bo‘yicha doimiy ravishda monitoring-tahlillar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, viloyatning Ishtixon tumani hokimligi tomonidan qabul qilingan 2020 yilgi dasturga asosan "Qilichev Bahrom" chorvachilik xo‘jaligi tashkil etildi. Loyihaning birinchi bosqichida xo‘jalikning 8 milliard so‘m o‘z mablag‘i va Xalq bankining 5 milliard so‘m krediti hisobidan Avstriya davlatidan 62 bosh “Sigmental” zotli chorva mollari keltirilib, 15 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Loyihaga ko‘ra, fermer xo‘jaligi tomonidan yana 138 bosh naslli qoramol keltiriladi.
Ishtixon tumanida faoliyat yuritayotgan 49 ta chorvachilik xo‘jaliklarining 6 tasi naslchilikka ixtisoslashgan. Mazkur xo‘jaliklardagi 3 ming 724 bosh qoramolning 1 ming 80 boshini naslli chorva mollari tashkil etadi.
Shuningdek, Payariq tumanidagi “Sutello” chorvachilik fermer xo‘jaligi tomonidan Germaniyadan 62 bosh “Aboregen Angus” zotli go‘sht yo‘nalishidagi zotdor qoramollar, Nurobod tumanidagi “Nurbuloq Qorako‘lcha chorvasi” fermer xo‘jaligi tomonidan Latviya davlatidan 106 bosh naslli qoramol olib kelindi.
O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.
Tahririyatdan: viloyat statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqandda 834 ta chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligi faoliyat yuritadi. Ularning 110 tasi naslchilik xo‘jaliklari hisoblanadi. Bu xo‘jaliklarda 1 million 586 ming bosh chorva mollari boqilmoqda va shundan 65 mingdan ortig‘ini naslli qoramollar tashkil etadi.
Ikki tashkilotda ikki xil raqam bo‘lsa, qaysi biriga ishonish kerak?