2-sektor tashabbusi: Yoshlar bandligini ta’minlashga yangi yondashuv

Samarqand shahar prokuraturasi, 2-sektor tashabbusi bilan “Kasblar festivali” hamda “Har bir tadbirkor — yoshlarga madadkor” shiori ostida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbirda kasb-hunarga o‘qitish maktablarida kasb-hunar o‘rganayotgan o‘quvchi yoshlar, texnikumlar talabalari o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
– Davlatimiz rahbari joriy yilning 27 yanvarida yoshlar bandligini ta’minlash va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sektor rahbarlariga yoshlar bilan yangicha ishlash tizimini yaratishda ikki muhim yo‘nalishda aniq topshiriqlarni bergan edi, - deydi Samarqand shahar prokurori, 2-sektor rahbari D.Sayidqulov. – Birinchi yo‘nalishda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, ikkinchi yo‘nalishda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish belgilangan. Shu asosda bugungi tadbirimizda kasb-hunar egallash bo‘yicha qanday imkoniyatlar mavjudigini bevosita ushbu kasblarni o‘rganayotgan yoshlar misolida ko‘rsatib berishga harakat qildik.
Bevosita raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2-sektor tomonidan “1+1” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 107 nafar ishsiz yoshlar 34 nafar hunarmandga, 69 nafar yosh qizlar 10 nafar tikuvchiga biriktirilib, hunar o‘rganmoqda.
Sektor hududida “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari"ga kiritilgan ishsiz yoshlardan 361 nafari professional ta’lim tizimidagi kasb-hunar maktabi va texnikumlarda tashkil etilgan qisqa muddatli qayta tayyorlov kurslariga o‘qishga jalb qilingan. Ularning barchasi bilan hududiy bandlik bo‘limlari, ish beruvchi tashkilot va professional ta’lim boshqarmasi o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma imzolangan bo‘lib, o‘quv kursini bitirgach ular ish bilan ta’minlanadi.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida shaharda faoliyat yuritayotgan yigirmadan ortiq sanoat korxonasi 800 ga yaqin bo‘sh o‘rinlari bilan qatnashdi. Yarmarkada 60 nafar ishsiz va probatsiya xizmatida ro‘yxatda turgan 18 nafar yoshlar kvota ish o‘rinlariga joylashtirildi. 7 nafar fuqaro qayta tayyorlov kurslariga jo‘natildi.
Shuningdek, tadbirda yoshlarga kasb-hunar o‘rgatishda fidoyilik bilan xizmat qilayotgan ishchi xodimlar, hunarmandlar hamda maktablarning faol va tashabbuskor 30 bitiruvchisi, professionaal ta’lim tizimining mahoratli 30 talabasi shahar prokuraturasining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tijorat banklari tomonidan 20 nafar ishsiz yoshga tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun imtiyozli kredit olishga sertifikatlar topshirildi.
Alisher Isroilov.