Dunyoda har o‘n boladan biri ishlashga majbur

BMTning Bolalar jamg‘armasi – YuNISEF bolalar mehnatiga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 152 million bola (deyarli har o‘n boladan biri) oilasiga yordam berish uchun ishlashga majbur, deb yozmoqda azon.uz.

Bu bolalarning deyarli yarmi – 73 million nafari xavfli sharoitlarda ishlaydi.

Ishchi bolalarning eng ko‘pi Afrikaga (72 mln) va Osiyoga (62 mln) to‘g‘ri keladi. Ishlaydigan bolalarni iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida uchratish mumkin, lekin yetmish foizi qishloq xo‘jaligida ter to‘kadi.

Shuningdek, YuNISEF hukumatlarni bolalar mehnatining sabablari: qashshoqlik va ta’lim imkoniyatining yo‘qligiga qarshi faol kurashishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, ishchi bolalar soni o‘n yil ichida 246 milliondan 152 millionga tushgan.