Hali kuzatilmagan holat: Sobiq fermer sudda yutib chiqdi - qolgan gap MIBda...

Balki bo‘lgandir, ammo men eshitmaganman. Yangi fermer yerlarini o‘ziga qo‘shib olgan eski fermerni, shu jumladan, uning ishchilarini dalaga yaqinlashtirmaydi. Dalada mehnat qilishiga yo‘l qo‘ysa ham unga haq to‘lamaydi. Ammo sobiq fermer yangi fermerdan hech narsa talab qilolmaydi, agar qilsa ham foydasi bo‘lmaydi.

Payariq tumanidagi sobiq fermer esa yangi fermerdan o‘z haqini undiradigan bo‘ldi.

2019 yil yanvar oyida Payariq tumani maqbullashtirish Kengashi va «Madad» muqobil mashina traktor parki raisi ko‘p tarmoqli (chorvachilik, pillachilik, asalarichilik, paxta va g‘allachilik) doimo davlat rejalarini ortig‘i bilan bajarib kelgan "Salimov Sardor dalasi" fermer xo‘jaligini tugatdi.

Uning yer maydoni yakunlangan yilda davlatga paxta sotish rejasini zo‘rg‘a 53,6 foizga bajargan “Akobir saxovati” fermer xo‘jaligiga qo‘shib yuborildi.

Bu bilan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi “Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi talablarini qo‘pol ravishda buzishdi.

Afsuski, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi qarori asl mohiyatini yashirishdi. Xo‘jalik bo‘yicha yig‘ilish qilib, qaror o‘rganilmadi, yaxshi fermerlar tanlanmadi, ming g‘alamislikni o‘ylab topib, yerlarni davlat rejalarini bajarmagan va qarzga botgan fermerlarga ham berishdi.

Oqibat nima bo‘ldi?

Fermer xo‘jaligi tugatilsa-da, umidsizlika tushmagan B.Ochilov 11 nafar ishchilari bilan pudrat asosida mehnat qildi. O‘zining texnikasi va ishchilari bilan yerni tayyorladi, chigitni ekdi, paxtaga agrotexnik ishlov berdi. Qo‘yingchi, o‘z hisobidan jami 69 million 580 ming so‘mlik xarajat qildi. Jumladan, 44 million 180 ming so‘mlik texnika xizmatini amalga oshirdi. Natijada 233 million 730 ming 969 so‘m paxta sotib, 107 million 55 ming 903 so‘m sof foyda oldi. Yilni paxta, g‘alla va pilladan 124 million 739 ming 399 so‘m daromad bilan yakunladi.

Biroq pilla boqqan 7 nafar va boshqa 4 nafar doimiy ishchilarning ish haqlari hisoboti va 0,1 foiz pensiya fondiga o‘tkaziladigan mablag‘ haqida V.Botirov davlat soliq inspeksiyasiga hisobot topshirmadi. Oqibatda Payariq tumani Bandlikka ko‘maklashish markazi “Akobir saxovati” fermer xo‘jaligi raisi V.Botirovga nisbatan davo arizasi kiritdi. Payariq tumani ma’muriy sudi V.Botirovning yo‘l qo‘ygan qonunbuzarliklarini hisobga olib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 4 barobari miqdorida jarima jazosi tayinladi.

Rost, bu bilan hech narsa o‘zgarmadi, aniqrog‘i V.Botirov sud qaroridan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Oqibatda 11 nafar sobiq "Salimov Sardor dalasi" fermer xo‘jaligi ishchilarining ish haqi to‘g‘risidagi qayta hisobotni bugunga qadar Payariq tumani davlat soliq inspeksiyasiga topshirgani yo‘q. Bu bilan V.Botirov sun’iy ravishda 11 ta ish o‘rnini yo‘q qildi. Afsuski, haligacha asossiz yo‘q qilingan bu ish o‘rinlarini Payariq tumani davlat soliq inspeksiyasiga qayta hisobot topshirish orqali tiklanishi kun tartibida turibdi.

Birovning haqi yuqadimi?

Rost, birovning haqi birovga yuqmaydi. Ammo V.Botirov bu hayotiy haqiqatni anglab yetmadi, chog‘i.

Negaki, u boshqa fermerlarning ulushiga sherikchilik qilish hisobiga paxta uchun gektariga 1 tonnadan ziyod kimyoviy o‘g‘it chiqardi (Ochilov Bekzod esa gektariga 450 kilogramdan). Aslida shuncha o‘g‘it dalaga chiqarilsa, bir gektar paxtadan 60 sentner hosil olish va belgilangan reja-topshiriqni 200 foizga bajarish mumkin. Biroq u davlatga paxta sotish rejasini bor yo‘g‘i 61,7 foiz qilib uddaladi, xolos.

Oqibatda paxta yetishtirish uchun ishlatilgan resurs mablag‘larini qoplashga uning daromadi urvoq ham bo‘lmadi. Mavsum oxirida paxta yetishtirishdan 108 million 473 ming 261 so‘m qarz bilan chiqdi. Paxta, g‘alla va pilladan qarzdorligi 164 million 106 ming 421 so‘mni tashkil qildi.

Qarzni esa qo‘shilgan "Salimov Sardor dalasi" fermer xo‘jaligining 124 million 739 ming 399 so‘mlik sof daromadi bilan qopladi. Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, sobiq fermer xo‘jaligi a’zolarining - bugungi pudratchilarning haqiga ko‘z olaytirdi.

Albatta, bu muammo yuzasidan ish sudga oshirildi.

Sud adolatni tikladi-yu, noqonuniy o‘zlashtirilgan, ya’ni boshqalarning peshona teri bilan topilgan mablag‘lardan V.Botirov savdo do‘koni, restoran qurdi, texnik xizmat ko‘rsatish ishini kengaytirdi va texnika sotib oldi. O‘zining halol topgan puliga qilgan bo‘lsa, qandini ursin...

Shu o‘rinda ortga bir qur nazar tashlab olsak. "Salimov Sardor dalasi" fermer xo‘jaligi tugatilgach, uning sobiq rahbari B.Ochilov ilgari ishlatib kelgan yerlarida dehqonchilik qilishiga yangi fermer bilan kelishdi. Bu kelishuv pudrat shartnomasi orqali rasmiylashtirildi. Ochig‘i, aynan shu shartnoma yil yakuniga kelganda haqini talab qilish uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Xo‘sh nima bo‘ldi?

Yil yakunida V.Botirov sobiq "Salimov Sardor dalasi" fermer xo‘jaligi ishchilarining shartnomaga ko‘ra, ko‘rsatilgan daromadlarini bermagandan so‘ng B.Ochilov 2020 yilning 22 yanvar kuni zararni undirish uchun fuqarolik sudiga ariza berdi. 2020 yil 21 may kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudi ochiq sayyor sud majlisida (sud raisi F.Sharipov) da’vo arizasi qisman qanoatlantirildi. Davogar B.Ochilov foydasiga 81 million 226 ming 673 so‘m undirilishi haqida qaror chiqarildi.

To‘g‘risi, V.Botirovning o‘ziga qolsa, sobiq "Salimov Sardor dalasi" fermer xo‘jaligi 11 nafar ishchilarining haqini berishni xayoliga ham keltirmaydi. 11 oilaning (pudratga birlashgan 11 nafar ishchining orqasida ularning butun boshli oila a’zolari turibdi) bor umidi Majburiy ijro byurosidan...

Salim OChILOV,

Samarqand davlat universiteti dotsenti.