Kam ta’minlangan oilalarga parranda tarqatildi

Samarqand viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan Qo‘shrabot tumanidagi Katta Oqmachit hamda Chimmos mahallalarida xonadonlarda parranda boqish va issiqxona tashkil etish tajribalarini keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Katta Oqmachit mahallasida tashkil etilgan tadbir 2 ming bosh parranda boqayotgan O‘ktam Xolboyev xonadonida, Chimmos mahallasidagi seminar esa tomorqasining 2 sotix maydonida issiqxona tashkil etgan To‘lqin Turdimov xonadonida o‘tkazildi. Unda prokuratura xodimlari va mutaxassislar tomorqa imkoniyatlaridan samarali foydalanish, kambag‘allikdan chiqish, ro‘zg‘orni o‘z mehnati, harakati bilan to‘kis tebratish haqida so‘z yuritdi, bu borada zarur tushunchalar, takliflar berdi.
- Xalqimizda “Qo‘ldan berganga qush to‘ymas”, degan naql bor, - deydi viloyat prokurori Farhod Zufarov. – Xitoyliklar esa “Do‘stingni bir marta to‘ydirmoqchi bo‘lsang, baliq ber. Do‘stim doim to‘q yursin, desang, qarmoq ber”, deydi. Shu jihatdan odamlarga million so‘mdan berishdan ko‘ra millionlarni ishlab topishga o‘rgatgan yaxshi. Ushbu seminar ham aynan shu maqsadda tashkil etildi. Unda mehnat qilishga imkoniyati bor oilalarga bepul parranda tarqatish, ixcham issiqxona qurilishiga ko‘maklashish va ko‘chat bilan ta’minlash orqali ularni mehnat qilish orqali daromadga ega bo‘lishlariga erishishdan iborat. Bu tashabbus viloyatimiz bo‘yicha keng quloch yoydi va kambag‘al oilalarga ko‘maklashish maqsadida tuman-shaharlaridagi prokuror sektorlaridagi 447 nafar prokuratura, prokuratura huzuridagi departament va MIB xodimlariga 606 ta kambag‘al oila biriktirib berildi.
Shu kuni viloyat prokurori va mutaxassislar O‘rtasoy mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oilalar bilan ham uchrashdi va kam ta’minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari hamda 300 ming so‘mlik tovuq va jo‘ja tarqatdi, uni parvarish qilish uchun tushuncha va takliflarni berdi.