Kattaqo‘rg‘onda harbiy xizmatga yuborish uchun ta’magirlik qilgan shifokor ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda aniqlanishicha, Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiy chaqiruv komissiyasi katta vrachi T.I. fuqaro X.Sh.ga uning o‘g‘li A.T.ning oyog‘i yassi ekanligi va tibbiy ko‘rikda “muddatli harbiy xizmatga to‘g‘ri kelmaydi”, deb topilganligini aytadi.
Lekin shifokor tanishlari orqali muddatli harbiy xizmatga yuborish masalasini hal qilib berishni va’da qiladi. Buning evaziga esa 600 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan T.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.