O‘layotgan vijdon, mudrayotgan qalb, qotib borayotgan diyda...

Bir paytlar Rimga Tunisdan ish izlab kelgan bolaning ustiga benzin sepib, mahalliy aholi tomonidan ermak uchun yoqib yuborilgani bilan bog‘liq hayotiy voqea boshqa bir mamlakatdagi shoirning qalbini larzaga solib, qo‘liga qalam tutqazgan edi. Shoir “Nega Rimga kelding, tunislik bola” deya, bir insonning yongan tanasidan ko‘ra, ko‘proq insoniyatning kulga aylanayotgan vijdonini so‘roqqa tutgandi. U bir bolaning taqdiri orqali “Hazrati inson degani shumi?” degan savolni insoniyatga bera olgandi. Bu she’r o‘sha paytda bir haqiqatni - haqiqiy dard masofa tanlamasligini, inson insonga begona bo‘la olmasligini, mudhish jinoyatlar oldida haqiqiy qalb jim tura olmasligini isbotlagandi.

Bugun esa bolalar yoppasiga o‘lmoqda. Eronning Minob shahrida Isroilning qizlar maktabiga bergan zarbasi oqibatida 160 dan ortiq yosh, gulday norasida qizlarning tanalari tilka pora bo‘ldi. Bu mudhish xabarni o‘qib, insoniyatning ichida bir narsa qimirlashi - bir kecha uyqusi qochishi, bir lahza tili kalimaga kelmay qolishi kerak edi.

Lekin bugun insoniyat o‘zgardi. Taraqqiyot ortidan telbalarcha yugurayotgan insoniyatning vijdoni o‘lib, yuragi uxlab, qalbi mudrab, diydasi qotib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi “kundalik shovqin” bizni shu ko‘yga soldi. Tarmoqlarda dunyo manzarasi tinimsiz yangilanmoqda: navbatdagi sarlavha, navbatdagi bahs, navbatdagi xabar, navbatdagi jinoyat “ortidan quvib”, umrimiz o‘tyapti. Bu jarayonda ruhimiz ham o‘lmoqda. Diydamiz qotib, insoniyat razilliklariga nisbatan beparvo munosabat shakllanmoqda.

Katta fojiamiz unga ko‘nikib borayotganimizda

Og‘ir botayotgani – ijodkorlarning sukuti. Alloh tomonidan yuqtirilgan iste’dod Allohning o‘zi qoralagan, la’natlagan ishlarga jim qarab turayotgani. Ijodkorning vijdoni uyg‘oq bo‘lishi kerak: menga bir chandon ta’sir qilgan “dard” ijodkorni o‘n chandon bezovta qilishi kerak. Bugun ularning yuragi bezovta tepmayapti, vijdoni titramayapti, qalami tebranmayapti...

Shoiru adiblarimiz jim. Ularning ijodi dard uchun emas, dabdaba uchun bo‘lib qolgandek go‘yo. Vijdon dodi kerak bo‘lgan paytda sukutni tanlagan qalam qalam emas, shunchaki bezak: oliftalik, ta’ma va soxta obro‘ vositasi, xolos.

Umid XO‘JAMQULOV,

pedagogika fanlari doktori, professor.