Madaniy yodgorliklar hududiga yuk mashinalari kiritilmaydi, faqat o‘zimizning suvenir mahsulotlar sotiladi

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Prezidentimizning 2019 yil 13 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlashga doir qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan:
- viloyat hududida tadbirkorlik sub’yektlarining chet el taomlariga yoki alohida yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan mavzuli ovqatlanish shoxobchalarini, shuningdek, “karaoke” zallari va turistik ko‘ngilochar muassasalarini tashkil etish xarajatlarining bir qismi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, har bir loyiha uchun 10 million so‘m miqdorida qoplanishi;
- viloyatda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha moddiy-madaniy meros ob’yektlari hududlariga 5 tonnadan ortiq vaznga ega katta hajmli avtotransport vositalarining kirishiga cheklov qo‘yilishi;
- YuNESKO Umumjahon merosi ob’yektlari ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros ob’yektlari va davlat muhofazasiga olingan tarixiy yoki madaniy yodgorliklar hududida faqat mamlakatimizda ishlab chiqarilgan suvenir mahsulotlari sotilishi belgilandi.