Minskda Lukashenkoning raqibini qo‘llagan 34 ming kishi namoyishga chiqdi

Belarus poytaxti Minsk shahrida kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskayani qo‘llab 34 ming aholi ishtirokida namoyish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Tadbir 30 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan 20:00)da “Drujba” bog‘ida boshlandi. Odamlar tadbirda ishtirok etish uchun navbatda turib ko‘rikdan o‘tishga majbur bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, bog‘da turli yosh vakillari yig‘ilgan. Ko‘pchilik muxolifat partiyalar Yevropa ittifoqi, shuningdek, Belarus milliy bayroqlari bilan kelgan.

Huquqni muhofaza qilish idoralari bergan ma’lumotga ko‘ra, ommaviy namoyishda 34 mingdan ortiq odam ishtirok etgan.

Namoyishda prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskayaning o‘zi ham ishtirok etdi. Uning turmush o‘rtog‘i, muxolifatchi va video bloger Sergey Tixanovskiy bir muddat ilgari hibsga olingan edi. Unga nisbatan bir nechta jinoy ish qo‘zg‘atilgan.

Tixanovskiyning o‘zi Belarus prezidentligiga nomzodini qo‘yishni rejalashtirgan edi. Biroq ma’muriy hibsda bo‘lganligi va hujjatlarga shaxsan o‘zi imzo cheka olmaganligi sababli Markaziy saylov komissiyadan ro‘yxatdan o‘ta olmadi. Natijada, uning turmush o‘rtog‘i Svetlana Tixanovskaya prezidentlikka o‘z nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Belarus prezidentligi uchun 5 kishi kurash olib bormoqda. Shu jumladan, ular safida besh marta qayta saylangan, amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko ham bor.

Saylovlar 9 avgust kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.ac