Payariqda broyler jo‘jalar va ularning ozuqasi bepul tarqatilmoqda

- Bu tashabbusni bejizga qo‘llamayapmiz, - deydi tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Mamasoliyeva. - Parrandachilik bilan shug‘ullanishga jiddiy kirishgan kishi ko‘p vaqt o‘tmay uning tuxumi va go‘shtini sarishta qilolmay qolishi hayotda ko‘p isbotini topgan. Shularni hisobga olgan holda tumanimizdagi 3477 ta kambag‘al oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida aniq, tizimli ishlar olib borayapmiz. To‘rtta sektordagi oltita mahallada istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oilalarga broyler jo‘jalar berilishi rejalashtirildi. Bugun bu ish  Boshqo‘rg‘on, Darvishiq mahallalarida boshlangan.

Broyler jo‘jalarni aholiga “Chelak tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati yetkazib bermoqda. Ularning sa’y-harakati bilan ko‘plab oilalar muqim ish bilan ta’minlanayotir.

– Bu tashabbusning ahamiyatli tomoni shundaki, jo‘jalar va ularning yemi bepul, – deydi “Chelak tomorqa xizmati” MChJ rahbari Umar Omonov.- Olaylik, bitta jo‘ja aholi uchun 4500 so‘mga baholangan. Yuz dona jo‘ja olgan kishi bir oyda 1,2 million so‘m daromad qiladi. Go‘shtga tayyor bo‘lgan tovuqlarni ham o‘zimiz xarid qilamiz. Bu degani o‘rtada hech kim kuyib qolmaydi. Faqat hafsala bilan ishlash kerak. Hozirda aholiga to‘rt ming dona shunday jo‘ja yetkazib berdik.

Boshqo‘rg‘onliklarning sa’y-harakati bilan bozorlarimizda tuxum va parranda go‘shti yanada seroblashadi. Chunki ular tumanda birinchilardan bo‘lib broyler jo‘jani boqishni boshlab yuborishdi.

- Aholimiz bunday tashabbusdan benihoya xursand, - deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sulton Hamroyev. – Yigirmaga yaqin oila a’zolari ishli bo‘ldi. Muhimi, bu jo‘jalar ozuqa kam talab etib, qilingan sarf-xarajat qisqa vaqt ichida qoplanar ekan.

Husniddin XOLDOROV.