Samarqandda 678,2 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi

Bu masala investitsiya loyihalarini amalga oshirishda deputatlik nazorati o‘rnatilishi zarurligi O‘zLiDeP viloyat kengashi tomonidan o‘tkazilgan davra suhbatida ta’kidlandi.
Tadbirda Markaziy bank, viloyat iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmalari, viloyat investitsiyalar va tashqi savdo hamda moliya, davlat soliq boshqarmalari, viloyat “Yermulkkadastr” davlat korxonasi vakillari, deputatlar va partiya faollari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Erkin Salixov ishtirok etib, investitsiya shaxsan davlat rahbarining nazoratida turgan masalalardan biri ekanligini ta’kidlar ekan, Murojaatnomada 2020 yilda 28 milliard dollarlik investitsiya kiritish vazifasi belgilanganligini qayd etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil yakunida 179 ta loyiha doirasida 214,1 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, shundan asosiy kapital 204 million dollarni tashkil qilgan.
Viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Elbek Berdiyevning aytishicha, joriy yilda viloyat hokimining qaroriga ko‘ra, 29 ta umumiy qiymati 678,2 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish belgilangan.
- Shundan 2020 yilda 217,1 million dollari (2 188 milliard so‘m), xususan, o‘z mablag‘i hisobidan 38,9 million dollar (391,7 milliard so‘m), to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 144,8 million dollar (1459,6 milliard so‘m), davlat kafolati ostida bo‘lgan xorijiy kreditlar 11,2 million dollar (112,9 milliard so‘m) hamda tijorat bank kreditlari 22,2 million dollar (223,8 milliard so‘m)ni o‘zlashtirish prognozi belgilangan, - dedi E.Berdiyev. - Dastur doirasida ishga tushiriladigan loyihalar hisobidan 2020 yilda 730 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.
Tadbirda shuningdek, sohada uchraydigan muammolar haqida ham fikr-mulohazalar yuritildi.
Qayd etilishicha, sohadagi muammolar asosan aholi va tadbirkorlarda bilim va ko‘nikmalarning yetishmasligi, shuningdek, infrastruktura va kommunal xizmatlarda uchraydigan kamchiliklar bilan bog‘liq.
Tadbirda sohada uchraydigan muammolarni bartaraf etish va investitsiya loyihalari bajarilishi yuzasidan deputatlik nazoratini o‘rnatishga kelishib olindi.
Baxtigul QARShIYeVA.